Oqdaryoda afg‘on investorlari ishtirokida bamiya yetishtiriladi
Oqdaryoda jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Birinchi manzil O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan “Yunusjon ahli” MChJ soyani qayta ishlash zavodi bo‘ldi. Tumanning Boshdarxon mahallasida joylashgan ushbu korxonada soyadan to‘rt turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
- 2017 yilda Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida korxonamiz faoliyati bilan tanishgan va uni kengaytirish, eksportbop mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan edi, - deydi korxona rahbari Furqat Obidov. – Shu asosda faoliyatimizni kengaytirib, mahsulot turlarini ko‘paytirdik. Ishlab chiqarishni Xitoy texnologiyasi asosida yo‘lga qo‘yganmiz. Mahalliy bozorda xaridorlarimiz asosan kolbasa, sasiska, umuman, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar, qolaversa, qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga mahsulotlarimizni eksport qilyapmiz. O‘tgan yili pandemiya sabab eksport hajmi 1 million 600 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Yetmishdan ortiq ish o‘rni yaratilgan ushbu korxonada soyani qayta ishlab soya yog‘i, chorva va parranda uchun ozuqa tayyorlanyapti. Eng muhimi, mahsulot tarkibi turli kimyoviy qo‘shilmalardan xoli, 100 foiz tabiiy.
Oqdaryo tumani ikkita katta daryo – Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘ida, har tomonlama qulay hududda joylashgan. Shu jihatda tuman bugungi kunda turizm sohasida ham o‘z imkoniyatlarini ishga solmoqda.
“Darxon baliqlari” MChJ qoshida zamonaviy oromgoh tashkil etilgan. 3,5 gektardan ortiq hududning 1,5 gektarida joylashgan oromgoh mehmonxona, bir nechta oshxona, 2 ta cho‘milish havzasi va turli dam olish hamda ko‘ngilochar maskanlardan iborat.
- Avval birgina baliqchilik xo‘jaligi bo‘yicha ish boshlagandik, - deydi xo‘jalik rahbari Shuhrat Roziqov. - Davlatimiz tomonidan turizmga e’tibor berilayotgani hamda o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, Xalq bankining 5 milliard so‘m krediti va o‘z mablag‘imizdan mahalliy va xorijidan keluvchi turistlar uchun oromgoh tashkil etdik.
Hozircha o‘n beshga yaqin xodim ishlayotgan oromgoh to‘liq ishga tushsa, 60-70 kishi ishli bo‘ladi.
Press-tur ishtirokchilari tumandagi «Umidjon elita» MChJ issiqxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Issiqxona 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda yigirmaga yaqin xotin-qiz ish bilan band.
- 5 gektardan iborat issiqxonaning 3 gektariga limon ekkanmiz, - deydi MChJ rahbari Faxriddin Bobomurodov. – Limon ko‘chatlari orasida kartoshka, piyoz, turli oshko‘klar va sabzining Gollandiyadan keltirilgan navini yetishtiryapmiz. Yil davomida uch martagacha hosil olamiz. Hozirda mahsulotlarimizni mahalliy bozorga sotyapmiz. Kelajakda xorijga, xususan, Isroilga eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzyapmiz.
Press-tur so‘nggida matbuot anjumani tashkil etildi. Tuman hokimi Najmiddin Sulaymonov olib borilayotgan ishlar, yaqin kelajakdagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
- M-37 avtomagistral yo‘lining 47 kilometri tumanimiz hududidan o‘tganligi bizga ko‘p imkoniyatlar eshigini ochadi, - dedi N.Sulaymonov. – Xususan, Dahbed massivida yengil konstruksiyali 40 ta non mahsulotlari savdo shoxobchasi, 30 ta oziq-ovqat do‘konlari, 20 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, Pichoqchi mahallasida qiymati 23 milliard so‘m bo‘lgan agrologistik markaz va 3 ta xususiy klinika tashkil etamiz. Bu bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Tumanimizda to‘qimachilik va trikotaj hamda farmatsevtika sanoatining ulushi oshib bormoqda.
Tumanda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha chet ellik investorlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan bamiya yetishtirish va eksport qilish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti. Hozircha 15 gektar yerga sinov tariqasida ekiladi. Yetishtirilgan mahsulot Rossiyaga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Sulaymon Mardiyev,
Baxtiyor Mustanov (foto).