Oqdaryoda qo‘y va tovuqlarga hamla qilgan yirtqich otib o‘ldirildi

2020 yil mart oyining boshlarida tungi vaqtlarda Oqdaryo tumani, Yangihayot mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Yangihayot, Yangiqo‘rg‘on hamda Galaravot qishloqlaridagi xonadonlarda ochiq va qarovsiz qolgan qo‘y va tovuqlarga “yovvoyi hayvon” hamla qilib ketayotganligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Holatni o‘rganish maqsadida zudlik bilan tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman hokimligi, tuman DSENM, tuman veterinariya va ko‘ngilli fuqarolardan iborat ishchi guruh tuzildi.

Joriy yilning 4 mart kuni Yangihayot mahallasida mahalla fuqarolari bilan yig‘ilish o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Jumladan, tuman hududidagi ovchilik jamiyatiga a’zo bo‘lgan ovchilar ko‘ngilli ravishda tadbirga jalb etildi va Yangihayot mahallasi qishloqlaridagi xonadonlarda tekshirish ishlar tashkil etildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, taxminan soat 16:00 larda Yangihayot qishlog‘idan o‘tib ketayotgan “yovvoyi hayvon”, ya’ni “shoqol” aniqlandi va ovchilar tomonidan otish yo‘li bilan yo‘q qilindi.