Oqdaryoda sifat sertifikati bo‘lmagan spirtli ichimliklarni saqlab kelayotgan "tadbirkor"lar ushlandi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumani “Temirak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro A.X.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan.
Unda tegishli hujjatlarsiz, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, 1 litrlik hajmli shisha idishda “Sulton” nomli 1 521 dona, “Dunyo” nomli 1 295 dona, 0,5 litr hajmli shisha idishda “Russkaya vodka” nomli 5 756 dona hamda turli xildagi 1 200 dona, jami 9 772 dona qadoqlangan shisha idishlarda spirtli ichimliklar saqlab kelinayotganligi aniqlangan.
Tadbir davomida “Zarafshon” mahallasi Yangiravot qishlog‘ida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro G.E.ning yashash xonadonidan ham tegishli hujjatlarsiz, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, 0,7 litr hajmli shisha idishda “Russkaya vodka” nomli 2 100 dona, “Pshinechnaya vodka” nomli 1 524 dona, jami 3 624 dona qadoqlangan shisha idishlarda spirtli ichimliklar saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Ushbu spirtli ichimliklar tegishli tartibda xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olinib, protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.
Daliliy ashyo tariqasida olingan 13 396 dona qadoqlangan spirtli ichimliklar iste’molga yaroqliligi hamda haqqoniyligi bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza tekshiruvidan so‘ng, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.