Oqdaryolik shifokor “virusga chalingach”, sodir bo‘lgan voqealarni ochiq aytdi
Koronavirusga chalingan oqdaryolik shifokor o‘zining ushbu virusga chalingani haqida gumonlari borligini aytdi. Xo‘sh, hammasi qanday boshlangandi? Shifokor koronavirusga chalinganligi haqidagi xabarlar chiqib ketgach, aholining unga munosabati keskin o‘zgargani va u ruhan bosimga uchragani haqida gapirib berdi.
- Bilmadim, bu gaplarni ommaviy axborot vositalariga olib chiqasizmi, yo‘qmi? Ammo xastaligim bilan bog‘liq voqealar butun respublikaga shunchalik katta shov-shuv bo‘lib ketdiki, go‘yo Oqdaryoga virusni men birinchi bo‘lib olib kirganman va yuzlab odamlarning karantinga olinishiga sabab bo‘lgan ekanman. Bu masalada mening e’tirozlarim bor.
- Nega?
- Allergik bronxit xastaligim borligini ko‘pchilik yaqinlarim yaxshi biladi. Ayni bahor oylari u qo‘zib, bezovta qiladi, zarur dorilarimni ichib yuraman. O‘sha kunlari salqinroq xonada oz muddat mizg‘ib qolibman. Shuning uchun varaja qilayotganimni sezdim. Kechga tomon haroratim ko‘tarildi. Antibiotik ukol oldim. Kelasi kuni ishga kelishdan avval tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik bo‘limiga borib, test topshirdim. Javobini kutdim, lekin muolajamni davom ettirdim. Rostdan ahvolim yomonlasha boshladi. Telefon qilib, tuman SEO bo‘limidagilardan natijani so‘radim. «Sizda virus yo‘q», deyishdi. Keyin ishga keldim, muolajamni davom ettirdim. Haroratim borligini bosh shifokorga, bosh infeksionistga ma’lum qilganimda, ular darhol meni koronavirusga gumon qilib, viloyatga xabar qilishdi. Shu tariqa mendan tahlil natijalari qayta olinmay, hali aniq bo‘lmay, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishdi.
- Bejizga emasdir, axir haroratingiz tushmaganku, ular o‘z vazifasini bajargan emasmi?
- Ehtimol shundaydir. Mayli, men bundan norozi emasman. Ammo shifoxonada paytim hali ahvolim og‘ir, haroratim bo‘la turib, oradan o‘n kun ham o‘tmay, sizda koronavirus manfiy chiqdi, bo‘ldi, reabilitatsiyaga kuzatilasiz, deyishdi. Xo‘sh, bu gapni qanday tushunishim kerak? Vaholanki, o‘sha payt ahvolim juda og‘ir, nafas olishim qiyin edi. Agar rostdan ham koronavirusga chalingan bo‘lsam, kasallik belgilari avj pallasida qanday qilib virus menda manfiy chiqishi mumkin? Buni vrach bo‘lmagan odam ham yaxshi tushunadi, deb o‘ylayman. Xullas, oradan ko‘p o‘tmay, reabilitatsiyada ham ikki-uch kundan so‘ng menga javob berib yuborishdi. Men shifokor sifatida aniq bilamanki, pnevmoniyani boshimdan o‘tkazdim. Ammo kasallik alomatlari aniq oshkor bo‘lib turgan payti, ahvolim og‘ir bo‘lgan holatda menga javob berib yuborganlariga hanuzgacha tushunmayapman. Qolaversa, hozirga qadar koronavirusga chalinganim haqidagi ma’lumotnoma qo‘limga berilgani yo‘q.
- O‘sha payti odamlarning munosabati haqida nima deya olasiz?
- Nima derdim? Tabiiyki, shifokor bo‘lganim, tumandagi minglab odamlarni davolaganim uchun juda ko‘pchilik meni taniydi. Davolanib chiqqanimdan so‘ng ishga kelgach, odamlar atrofimni aylanib o‘tadigan bo‘lishdi. Ko‘chada ko‘rib qolsa, xuddi arvohni ko‘rganday yo‘lini burib ketishdi. Qarindoshlarim, karantinga olingan yaqinlarimdan turli-tuman gaplar eshitdim. Bularning barchasi insonga ta’sir o‘tkazmay qolarmidi?! Ularni aytib o‘tirmoqchi emasman. Ammo u yoki bu ma’lumotni tarqatishda inson sha’ni, qadri haqida o‘ylab ko‘rish kerak edi, deb o‘ylayman.
To‘g‘ri, ichki ishlar idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganida qayerlarga borganimni aytdim. Ammo bu gaplarning hammasi oshkor bo‘lib ketdi. Odamlar o‘sha payti virus avj olgan “Toyloq, Payariq tumaniga borgan ekan, o‘zi shifokor bo‘lib, qoidalarga amal qilmagan ekan”, kabi fikrlarni bildirishdi. Vaholanki, men bu tumanlarga borganim yo‘q. Ishdan ortib, qo‘shimcha tadbirlarda yurishga qanday vaqtim bo‘lsin axir?
- Xullas, siz tufayli yuzlab odamlar karantinga olindi, shundaymi?
- Ha, yuzlab odamlar karantinga olindi. Mayli, bu boradagi ba’zi holatlarni aytib o‘tirmayman. Ammo akamning kelinida virus chiqdi, deya yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borib, shifoxonaga borgach, “sizda kasallik yo‘q”, deb qaytarib yuborishyapti. Shu kabi sarsongarchiliklar ham bo‘ldi. Shuning uchun ham odamlarning menga munosabatida bo‘lgan e’tirozlarni tushunaman. Bularni yengib o‘tish mumkin. Vaqt hammasini davolaydi.
Lekin meni shifokor sifatida bu kasallik atrofida bo‘layotgan voqealar qiynayapti. To‘g‘ri, ushbu virusni hech kim kutmagan, to‘satdan odamlar boshiga tushgan bir balo bu. Bu payti o‘z dardingni aytib, noshukurlik qilishni o‘zimga ep bilmayman. Ammo ishni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilish uchun bu masalada ham jamoatchilik nazorati kerak, deb o‘ylaman.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.