Oqdaryoning ipak gilamlari dunyoni zabt etadi
Tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib, qo‘lda to‘qilgan ipak gilamlar noyob buyumlar sirasiga kiradi. Ularning ko‘zni quvnatuvchi ranglari va takrorlanmas naqshlari har qanday xaridorda, ayniqsa, xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otadi. Shu bois nafis ipak gilamlari asosan chet davlatlarga eksport qilinadi. Qo‘l mehnati bilan 6 oy va hatto bir yilgacha vaqt oralig‘ida to‘qilgan gilamlarning narxi ham arzon emas.
Oqdaryo tumanida ish boshlagan “Oqdaryo ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida to‘qilayotgan ana shunday gilamlar xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali oilalar farovonligini oshiruvchi muhim yo‘nalish sifatida ham o‘zini namoyon qilyapti.
- Korxona ish boshlagan 2017 yilda pillani qayta ishlash bilan shug‘ullanardik, - deydi “Oqdaryo ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi G‘ulom Odilov. – Buning uchun Xalq bankining 3 milliard dollarlik krediti evaziga Xitoydan qayta ishlash uskunalari olib kelib o‘rnatdik. Natijada har yili 250 tonna pillani qayta ishlab, yarim tayyor xomashyo – ipak tola, momiq hamda qayta ishlangan ipak chiqiti eksportini yo‘lga qo‘ydik. Xususan, xorijga 2017 yilda 440 ming, 2018 yilda 970 ming, 2019 yilda 1 million 89 ming dollarlik mahsulot sotdik. Joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 850 ming dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar uni 1 million 250 ming dollarga yetkazish maqsadimiz bor.
Negaki, joriy yilda nafaqat Oqdaryo, balki Toyloq tumanida yetishtirilgan pilla xomashyosini qabul qilib olganmiz. Ya’ni, bu yil 400 tonna pillani qayta ishlash imkoniga egamiz. Shu sababli ilgari mahsulotni faqat Xitoyga eksport qilgan bo‘lsak, endi Tojikistonga ham yetkazib berishni boshladik.
Korxonada bandligi ta’minlangan xotin-qizlar o‘rtacha 1,5-2 million so‘m oylik ish haqi oladi. Ishga kelib ketishlari uchun maxsus transport tashkil qilingan.
- Joriy yil aprel oyida ipak gilam to‘qish sexini ishga tushirdik, - deya so‘zida davom etadi G‘.Odilov. - O‘ndan ziyod nusxada to‘qilayotgan gilamlar uchun Turkiya va Erondan buyurtmalar olganmiz. Ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida kasanachilikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Xotin-qizlar uylarida ro‘zg‘or ishlari bilan birga biz bergan xomashyo yordamida gilam to‘qishilari mumkin. Bugungi kunda 100 nafarga yaqin opa-singillarimiz ustoz-shogird an’anasi asosida hunar sirlarini o‘rganyapti.
Jamiyat yaqinda Yangiqo‘rg‘on paxta tozalash punktidagi pillaxonani 20 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan. Bu yerda ipak gazlama chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun xarid qilingan uskunalarning birinchi qismi o‘rnatilgan. Kelgusi yildan mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydigan sexda 40 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Rejaga ko‘ra, yaqin uch yilda xorijga faqat tayyor mahsulot chiqariladi va u yevropalik xaridorlarga ham yetkazib beriladi.
Yoqubjon MARQAYeV.
Baxtiyor MUSTANOV.