Oqdaryoning iqtisodiy salohiyati tadbirkorlarga bog‘liq

Oqdaryo tumanida hududiy investitsiya dasturi asosida 2021-2022 yillarda 324 milliard 39 million so‘mlik 42 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 1016 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Jumladan, joriy yil yakunigacha 257,5 milliard so‘mlik 39 ta loyihani ishga tushirish orqali 846 nafar kishi ishli bo‘ladi.

Tuman sanoatini rivojlantirish uchun 16 ta, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 8 ta, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 15 ta loyiha amalga oshiriladi.

- Tuman iqtisodiyotini ko‘tarishda tadbirkorlarimizning xizmati katta bo‘lyapti, - dey­di tuman hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Mamatkarimov. – Joriy yilning I yarim yilligida 205 nafar oqdaryolik muqim ish bilan ta’minlandi. Loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlarimiz 83 milliard so‘m sarfladi. Natijada 17 ta loyiha dastur asosida ishga tushirildi.  Dasturdan tashqari yana 9 ta loyiha amalga oshirilib, 76 kishi ish bilan ta’minlandi. 

Bugungi kungacha tumanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish rejasi bo‘yicha 1,7 million AQSh dollari o‘zlashtirildi. Yil yakunigacha tadbirkorlar yana 3 ta loyiha orqali 350 ta yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan. Birgina Taraqqiyot mahallasidagi "Oqdaryo plankton" MChJga qarashli qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda tosh maydalash sexida 20 ta yangi ish o‘rni yaratilishi uchun tadbirkor 1,7 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘ini jalb qilgan.

Tumanda o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qiluvchi ko‘plab korxonalar bor. Ular tomonidan joriy yil 21,1 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Jumladan, 9,5 million dollarlik sanoat, 11,6 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari xorijga sotiladi. Biroq tumanda olti oylik reja bor-yo‘g‘i 83 foizga bajarilgan.

- Korxonamiz yil yakunigacha to‘liq ishga tushiriladi, - deydi tumandagi "Asr imkon tekstile" korxonasi rahbari Shaydoxon Ataullayev. – Hozirda 120 dan ortiq zamonaviy tikuv mashinalarida 150 nafar xotin-qiz ishlayotgan bo‘lsa, yana 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Korxonamizda ip-kalava tayyorlashdan boshlab 20 dan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. 

Dilmurod To‘xtayev.