Oqibat qayda qoldi? Yoxud bir murojaat ortidagi mojarolar

Kattaqo‘rg‘on tumani Balandravot mahallasida yashovchi Dilbar Ergasheva Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Samkat Oazis durdonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasidan ikkita do‘kon sotib olgani, bu do‘konlar 2017 yilda buzilgani haqida avval ham maqola e’lon qilgan edik.

Aslida, ikki tomonda ham yetarlicha kamchiliklar bor. Opa hujjatsiz do‘koni uchun tovon puli talab qilayotgan bo‘lsa, bozor ma’muriyati buzilgan do‘konning pulini qoplab berishga moliyaviy imkoniyatimiz yetmaydi, demoqda.

Ochig‘i, har ikki tomon ham bir-biriga yon bosay demaydi. Huquq-tartibot idoralari jim. Rostda, buzilgan birovning do‘koni, buzgan bozor ma’muriyati bo‘lsa, ularga nima?

Ammo Dilbar opagayam tushunib bo‘lmaydi. Bozor ma’muriyati buzilgan ikkita do‘konning qurilish materiallarini olib ketgani, o‘rniga bitta do‘kon va 7 million so‘m berishga rozi bo‘lgani holda yana muammoni ko‘tarib yurgani nimasi? Aslida buzilgan ikkita do‘konini rasman hujjatlashtirmagan. Qonuniy jihatdan olganda aslida yo‘q, ya’ni rasmiylashtirilmagan do‘konning tovonini talab qilmayaptimi?

Xo‘sh, bozor ma’murlari-chi, buzilish-qurilish davrida shu taxlit nechta odamning do‘konini «tekislab» yuborgan? Mayli, ularga pul to‘lab berishmas, lekin uning haqi oddiy aytganda, teshib chiqmaydimi? Teshib chiqmasin, lekin birovning haqidan qo‘rqish kerakligini bozorning kattalari qachon tushunib yetadi?

Umuman, sohadagi «kattakon»lar buzilish-qurilishda odamlarni rozi qilish, uy yoki ob’yekt egasini rozi qilgandan so‘ng binoni buzishni boshlashni qachon o‘rganadi? Bozordagilar qonun-qoidani o‘z manfaatiga bo‘ysundiradi, ammo bu yerdagi buzilishlarga Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi mutasaddilari bosh bo‘lgani aniqku. Nega, ular sobiq pedagogning yillar davomida idorama-idora sarson bo‘lishiga tomoshabin?

Nega Dilbar opa do‘konini vaqtida hujjatlashtirib, qonuniy asosda ishlatmagan? Buyam mayli, ikki yil oldin buzilgan do‘konining tovon puli nega bir yarim yil o‘tib yodiga tushdi? Axir shu paytgacha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganida ular adolatni qaror toptirib bermasmidi?

Bozor kattalarining o‘jarligi, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi mutasaddilarining mas’uliyatni zimmasiga olmayotganligi oqibatida Dilbar opa viloyat hokimiga takroran murojaat qilishga majbur bo‘ldi.