O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ishlar cho‘zilgani kimdandir ta’magirlik qilish maqsadida ataylab qilinayotgan jarayon emas
Shu kunlarda Samarqand davlat universitetida ham qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirayotgan fuqarolarning hujjatlarini tekshirish va talabalar safiga qabul qilish ishlari davom etmoqda. Bugungi kungacha 2939 nafar fuqaroning o‘qishini universitetga ko‘chirishga tavsiya etilgan. Ularning haqiqatda xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligini aniqlash maqsadida universitet tomonidan qo‘shni davlatlarning 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasalariga so‘rov xatlari yuborildi. Shunday so‘rovnomalarga olingan javoblar natijasiga ko‘ra, bugungacha 262 nafar yoshlarni talabalar safiga qabul qilish haqida buyruq chiqdi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘qishini ko‘chirayotgan fuqaroning yurtimizdagi oliy ta’lim muassasasi talabalari safiga qabul qilish shartlari nimalardan iborat? Agar fuqaro qo‘shni davlatdagi oliy ta’lim muassasasidan respublikamizdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirayotgan bo‘lsa, kamida bir semestr mobaynida o‘sha davlatning muayyan oliy ta’lim muassasasida uzluksiz holda tahsil olgan bo‘lishi, shuningdek, ko‘chirilayotgan ta’lim yo‘nalishiga mazmunan mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishida to‘liq o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etilmaydi. Yana shunga qo‘shimcha ravishda yuqori idoralarning ko‘rsatmasiga binoan, qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasasiga yuborilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, u yerda o‘qimaganligi yoki qalbaki hujjatlar topshirganligi aniqlangan fuqarolarga rad javobi beriladi.
Universitet xorijdan o‘qishini ko‘chirayotganlar fuqarolarni talabalar safiga qabul qilish ishlarida boshqa oliy ta’lim muassasalaridan andaza ko‘chirmaydi. Amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasasiga yuborilgan so‘rovnomaga olingan javob xatlari hamda tegishli idoralarning o‘qishini ko‘chirayotgan fuqaroning o‘sha davlatga qancha muddatga borib kelganligini tasdiqlovchi ma’lumotlariga tayanib ish tutadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Samarqand davlat universitetida o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ishlarning cho‘zilganligi kimdandir ta’magirlik qilish maqsadida ataylab qilinayotgan jarayon emas. Hujjatlarning haqiqiyligini aniqlash muayyan vaqtni talab qiladi. Ayrim xorijiy oliy ta’lim muassasalariga uch martalab xatlar yuborilgan. Ba’zilaridan xat kelmayotganligining sababi aslida fuqaroning o‘sha universitetda o‘qimaganligi bilan izohlanmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ba’zi talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar soxta bo‘lib chiqyapti. Ya’ni, “qo‘shni davlatda o‘qib qaytdim”, deb hujjat topshirgan ba’zi fuqarolarning ko‘rsatilgan oliy ta’lim muassasasida umuman o‘qimaganligi ma’lum bo‘lmoqda. Bundan tashqari, pasportida o‘zi o‘qigan davlatga chegara postidan o‘tganligi va mamlakatimizga qaytib kelganligi to‘g‘risida muhr urilmagan shaxslar ham aniqlanmoqda.
Shu sababli, qo‘shni mamlakatlarda ta’lim olayotganini iddao qilayotganlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilmoqda. Hujjatlarida kamchilik aniqlanmagan fuqarolar talabalar safiga hech qanday istisnosiz qabul qilinadi.
Universitetga shu masalada murojaat qilgan fuqarolar yoki ularning ota-onalariga mazkur tartib-qoidalar batafsil tushuntirilmoqda. Shu ma’noda biz qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasalarini ayblashdan butunlay yiroqmiz. Ammo yuborilgan so‘rovnomalarga javob kelishi kechikayotgani ham bor gap. Shuni ishontirib aytamizki, o‘qishida, hujjatlarida muammosi bo‘lmagan fuqarolarning barchasi universitet talabalari safiga so‘zsiz qabul qilinadi.
Shu o‘rinda qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga borish istagidagi yoshlarimizni, ularning ota-onalarini ogohlantirib qo‘ymoqchimiz. Hozirda uzoq xorijdagi yoki qo‘shni davlatlardagi “biz nodavlat oliy ta’lim muassasasimiz”, deb o‘zining oliy ta’lim bo‘yicha dasturlarini taqdim etayotgan tashkilotlar ko‘payib ketdi. Osongina oliy ma’lumotli bo‘lishni jozibador reklama usullari orqali taklif etayotgan yoki shu masalada bir zumda hojatingizni chiqarishga, kelgusi yilda farzandingizning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga yordam bera olishini va’da qilayotgan shaxslarning takliflariga aldanib qolmang!
Samarqand davlat universiteti ma’muriyati.