O‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarni joylarda o‘zining pedagogik faoliyatdan tashqari bo‘lgan ishlarga jalb qilish holatlari haqida ma’lumotlar kuzatilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi mazkur murojaatlarga javoban xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanganini yana bir bor eslatib o‘tadi.
“Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3907-sonli qarorining 16-bandi bilan quyidagilar taqiqlangan:
➖ xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish;
➖ xalq ta’limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish;
➖ xalq ta’limi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va o‘rnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish mumkin emas.
Ushbu band bilan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash yuklatilgan.
Shuning uchun, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda ushbu qaror bilan mas’ul etib belgilangan idoralar: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 1007, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71 200-06-00 ishonch telefonlariga xabar berishingiz mumkin.
Shu bilan birgalikda, hurmatli o‘qituvchilarimiz bunday holatlarda Xalq ta’limi vazirligiga ham murojaat qilishlari uchun alohida tizim yaratilgan: https://ustozovozi.uzedu.uz.