O‘qituvchilarning ish haqidan majburiy ushlanmalar olib qolish mumkinmi? Vazirlik izoh berdi

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilardan majburiy ravishda rozilik xati yozdirib, mol-mulk, yer, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soliqlari mahalliy byudjetlarga o‘tkazib kelinayotganligi holatlari yuzasidan murojaatlar e’lon qilinmoqda.

Shularni inobatga olib, Xalq ta’limi vazirligi xodimlarning ish haqi to‘lovlaridan ushlanmalar (mol-mulk, yer solig‘i va boshqa to‘lovlar)ni ularning yozma roziligisiz amalga oshirilmasligini, bu kabi xatlarni majburiy ravishda yozdirish holatlari yuz bergan taqdirda o‘qituvchilardan o‘z huquqlarini himoya qilishlarini so‘rab qoladi.

Mas’ul xodimlar tomonidan bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda ular bilan mehnat shartnomasini amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida ogohlantiramiz.

Bu kabi holatlar bo‘yicha xalq ta’limi bo‘linmalari birinchi rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yish holatlari takrorlangan taqdirda mazkur rahbarlarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi hamda mehnat shartnomasi bekor qilinishini eslatib o‘tamiz.

Siz faoliyat yuritayotgan maktabda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda vazirlikning 71 202 09 09 raqamli "Ishonch telefoni"ga murojaat qilishingiz mumkin.