Oqlov masalasi eski "o‘zan"ga qaytayaptimi?
Bu haqda Samarqand viloyati sudi raisi Olimjon Hayitovning fikri qanday?
- Keyingi 3-4 yilda oqlov masalasi yangi termin singari hayotimizga kirib keldi, - deydi O.Hayitov. - Sud-huquq islohotlarining keyingi bosqichida oqlov masalasiga katta e’tibor berilyapti. Bu amaliyot davlatimiz insonparvarlik siyosatining yorqin misoli sifatida kengaytirib borilmoqda. Keyingi besh yilda sud organlari jazolovchi emas, himoya qiluvchi organ sifatida shakllanayotgan ekan, oqlov masalasiga juda ko‘p bora murojaat qilinadi.
Xususan, 2021 yilda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 29 ta jinoyat ishi bo‘yicha 49 nafar shaxs oqlandi. 2020 yilda esa 19 ta jinoyat ishi bo‘yicha 22 kishi oqlangan edi.
- 2021 yilda eng ko‘p oqlov hukmlari (qarorlari) chiqarishga erishgan advokatlar va eng ko‘p oqlov hukmlari (qarorlari) chiqargan sudyalar kimlar?
- Oqlov hukmlari (qarorlari) chiqarishga erishgan advokatlar hisoboti bizda yuritilmaydi.
Eng ko‘p oqlov hukmlari chiqargan sudyalar kim, degan savolni ham boshqacharoq qo‘yish kerak. Sudyalar o‘rtasida kim ko‘p oqlov qilarkin, degan mazmunda hisobot yoki musobaqa yo‘q. Bu haqiqatga va amaliyotga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki sudyaga qachon, qanaqa mazmundagi sud ishlari kelib tushishini hech kim bilmaydi. O‘z kasbini yaxshi biladigan, tajribali, halol va vijdonli sudya ishning mazmunidan kelib chiqib xulosa qiladi. Buning ustiga, sudyalar mustaqil, uning ishiga hech kim aralashmaydi va chiqargan qonuniy xulosasi uchun o‘zi javob beradi.
Masalaning yana bir tomoni bor, sudya bitta ish ko‘rishi davomida bir necha kishini oqlashi mumkin. Yoki aksincha, bitta sudya bir nechta ish ko‘rib, bittadan shaxsni oqlashi mumkin.
- Umuman, aybsizlik prezumpsiyasi degan atama bugun qanchalik ishlayapti, viloyat sudi raisi sifatida bu haqdagi fikrlaringiz ko‘pchilik uchun qiziq.
- Aybsizlik prezumpsiyasi - aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha uni aybsiz deb faraz qilish. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas yoki o‘zini aybdor deb ko‘rsatish ham qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlanmaguncha uni aybdor deb bo‘lmaydi.
Aybsizlik prezumpsiyasi qonun ustuvorligi va odil sudlovning asosiy mezonlaridan biri. Ta’kidlaganimdek, sud himoyalovchi organ sifatida namoyon bo‘layotgan jarayonda aybsizlik prezumpsiyasi qat’iy amal qilishi shart. Sud jarayonlarida ham jinoyat sodir qilgan shaxsning aybi to‘liq isbotlanmaguncha unga jinoyatchi deb ta’rif berilmaydi va shunga mos muomala, munosabat qilinmaydi. Tergov davomida qamoqqa olingan va hibsda saqlanayotgan bo‘lsa, “mahbus”, ya’ni “hibsga olingan” deb ataladi. Sud hukmi chiqib, hukm qonuniy kuchga kirganidan keyingina u shaxs “mahkum”, ya’ni “hukm qilingan” deb ataladi.
- Hokimiyat organlarining tiyib turish mexanizmlariga asosan sudlarda boshqaruv organlari, xalq tili bilan aytganda, mahalliy hokimliklarning qarorlarini bekor qilish amaliyoti mavjud. Ammo o‘z navbatida ular hokim boshchilik qilayotgan Kengashga axborot beradi. Bu sudlarni hokim oldida mute qilib qo‘ymayaptimi?
- Viloyat sudi raisi xalq deputatlari viloyat Kengashiga axborot berish amaliyoti mavjud. Lekin e’tibor qiling: hisobot emas, axborot beradi.
Kengashga axborot berish esa hisobdorlik, siz aytmoqchi bo‘lgandek, hokimga mutelik keltirib chiqarmaydi. Sud mustaqil organ. Axborot berishning mazmuni shuki, xalq deputatlari Kengashlari hududdagi muammolarni muhokama qilish, hal qilish uchun ishlaydi. Shu bois sud raisi Kengashda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyat haqida axborot berar ekan, qaysi turdagi qonunbuzilishlar oshgani, salbiy tomonga o‘zgargan raqamlarga deputatlar e’tiborini qaratadi.
- Sudlarning xalqqa xizmat qilishi uchun Samarqand viloyatida qanday loyiha yoki amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda?
- Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan. Odil sudlovni amalga oshirishning o‘zi amaliy faoliyatdir. Sud organlari loyiha bilan ishlamaydi, amaldagi qonunchilikka asoslanadi. Qonun ijodkorligi yuzasidan takliflar esa tegishli tartibda Respublika Oliy sudiga yuborib turiladi.
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.