O‘quvchini urgan o‘qituvchiga “hayfsan” berildi
2019 yil 15 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “Urgutda o‘qituvchi ayol o‘quvchi qizni urgani” haqidagi videoga Urgut tumani hokimligi izoh berdi.
Videodagi holat 2019 yil 13 sentyabr kuni soat 16:25lar atrofida Urgut tumanidagi 27-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi va shu maktabning matematika fani o‘qituvchisi o‘rtasida sodir bo‘lgan.
O‘quvchi qiz mazkur maktabning 7“v”-sinfida o‘qiydi. Oilada 3 farzand. Otasi hozirgi kunda Rossiya davlatiga ishlash maqsadida ketgan. Onasi uy bekasi.
Ushbu maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi oliy ma’lumotli matematika fani o‘qituvchisi. Mehnat staji 8 yil, II toifali pedagog.
Maktabda o‘quvchi qiz darsga e’tibor qilmay, sinfdoshlari bilan sho‘xlik qilgan hamda o‘qituvchiga gap qaytargan. Shundan so‘ng o‘qituvchi qizni o‘qituvchilar xonasiga olib borayotganida u ustoziga gap qaytargan. Bundan o‘qituvchi jahl qilgan va o‘quvchini urgan.
2019 yil 16 sentyabr kuni ushbu maktabda voqea yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov, Urgut tumani hokimligi, mahalla oqsoqollari va o‘qituvchilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat muhokama qilindi.
Joriy yilning 18 sentyabr kuni maktabda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri G‘.Abdiyev ishtirokida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda o‘quvchini urgan o‘qituvchiga 27-umumta’lim maktabining 2019 yil 18 sentyabrdagi №10-sonli bo‘yrug‘i bilan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi belgilandi.
Bundan tashqari, tuman xalq ta’limi bo‘limining 2019 yil 18 sentyabrdagi № 1671-sonli xati orqali 27-maktab direktoriga nisbatan intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga taklif berilgan.
Urgut tumani hokimligi axborot xizmati.