Organizmda antitanachalar miqdori yuqori bo‘lsa, vaksina olmasa ham bo‘ladimi?

Ushbu savolga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayeva javob berdi:

- Inson tanasida emlangandan so‘ng qanday o‘zgarish bo‘lganini bilish uchun emlanishga qadar antitanachalar titrini aniqlash o‘tkazilishi mumkin.

Bu kabi tekshiruvni ixtiyoriy ravishda fuqarolarning o‘zlari yoki vaksinalarning 3-bosqich klinik tadqiqotlarida ishtirok etayotgan davrda o‘tkazsa bo‘ladi.

Ma’lumki, bugungi kunda “COVID-19” bilan kasallangan odamlar organizmida antitanachalar bir necha oy saqlanishi tasdiqlangan. Bunday holatlarda antitanachalar yuqoriligi immun himoyangiz borligini bildiradi. Biroq agar vaksina olsangiz, organizmda antitanachalar titrini yanada oshiradigan immun jarayon kuzatilishini va immun himoyangiz mustahkamlanishini ta’minlaysiz.

Aksincha, vaksina olmasangiz, keyinchalik shu antitanachalar titri me’yor darajasidan pastga tushib, organizmingiz himoyasiz qolishi va shu vaqtda vaksinaga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

Bu degani, bemorlar bilan niqoblarsiz va o‘zaro masofa saqlamasdan muloqotda bo‘linganda, infeksiya organizmga tushishi va kasallik chaqirishi mumkin. Shu bois, siz immun hujayralar, ya’ni antitanachalar miqdorini aniqlaganingizda ham, ularni nazorat qilib turishingiz, koronavirusdan himoyalanishda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishingiz va imkon qadar o‘z vaqtida vaksina olishingiz talab etiladi.