Ortiq Sultonov: Kinoda rol o‘ynamoqchi bo‘lsam, o‘zim ssenariy, rejissyor, pul topishim kerak

O‘zbek qiziqchilik san’atida o‘tgan asrning oxirlarida muxlislar e’tiboriga tushgan samarqandlik so‘z ustalaridan iborat “Handalak” guruhining ham alohida o‘rni bor. Muxbirimiz shu guruh a’zosi, taniqli qiziqchi Ortiq Sultonov bilan suhbatlashdi. 

- Ortiq aka, ayting-chi, sizningcha, qiziqchilik kasbmi, san’atmi yoki “xobbi”mi?

- Qiziqchilik kasb ham, xobbi ham emas, mening nazarimda bu – yashash tarzi. Ijodkor sifatida o‘zingiz ham yaxshi bilasizki, shoir ilhomi kelgan paytdagina shoirga, jurnalist maqola yozayotganida muxbirga aylanadi. Ammo qiziqchilar shu yumush bilan doimo birga. Shuning uchun menimcha, bu ish biz uchun yashash tarzi, degan bo‘lardim.

Tan olish kerak, qiziqchilik keyingi avlod vakillarida kam kuzatilayapti. Xalqimiz qiziqchi, deb aytayotgan hozirgi yoshlardan iborat jamoalar aslida komik guruhlar. Qiziqchi esa yakka tarzda ijod qilib, bir o‘zi tomoshabinni ming mashaqqat bilan kuldiradi. Jamoa va bir qiziqchi ijodi orasidagi farq juda katta.

- Urgutning olis bir qishlog‘idan turib poytaxtni mo‘ljalga olgan va nishondan adashmagan Ortiq Sultonov bugun elga taniqli so‘z ustasi, olim. Bugungi darajaga yetib, elga tanilishingizda kimlardan minnatdorsiz?

- Umuman, ustoz degani bu – nafaqat biror bir kasb o‘rgatuvchi kishi, aksincha, hayotning barcha o‘nqir-cho‘nqirlari, sir-asrorlaridan shogirdini boxabar etuvchi zotdir. Men bolalikda maktabda adabiyot olamiga olib kirgan ustozlarim Olim Ahmedov, O‘rol Mamatov, Zarifa Mamatovaga bir umr ta’zimdaman. Keyinchalik so‘z ustasi Xudoyberdi Ziyodov menga qiziqchilik san’atini o‘rgatdi. U kishidan ko‘p narsalarni o‘rgandim.

Toshkentda institutda o‘qib yurgan yillarimda hayot meni yana bir bag‘rikeng inson, adib va jurnalist Abdusaid Ko‘chimovga duch qildi. Abdusaid akaning yordami bilan televideniyeda o‘sha yillardagi mashhur ko‘rsatuvlardan biri – televizion miniatyuralar teatri, eng ommabop nashr bo‘lmish “Mushtum” jurnali sahifalarida ko‘rindim.

Bundan tashqari, u kishi men bilan Zokir Ochildiyevning Urgutdan Toshkentga kelib ijod qilishimiz, “Yoshlar” telekanalida “Handalak” ko‘rsatuvini tashkil etishimizga juda katta amaliy yordam bergan.

Mening qiziqchi sifatida shakllanib, elga tanilishimda esa marhum ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hojiboy Tojiboyevning xizmatlari beqiyos. So‘z ustalari – Muhiddin Darveshov, Mirzabek Xolmedov, Obid Asomovlardan ham juda ko‘p narsalarni o‘rganganman.

Yana bir eng katta, bebaho ustozim bor. Bu – kitobdir. Juda ko‘p narsalarni kitob orqali, mutolaa orqali olaman. Ayniqsa, she’riyat – jonu-dilim. Inson qancha ko‘p she’r yodlasa, shuncha aqli, tafakkuri charxlanib, nutq madaniyati yuksalaveradi.

- “San’at fidoyilikni talab qiladi” deydilar. Afsuski, bugun ba’zi qiziqchilarning maza-matrasiz chiqishlari haqida bunday deyish qiyin. So‘z san’atini ilm bilan bog‘lab olib borayotgan ijodkor sifatida bu haqda nimalar deya olasiz? San’at osmonida yulduzlardan ko‘ra pufakchalar ko‘payib ketmayaptimikan?

- Insitutni bir guruhda 26 nafar yoshlar bitirgan bo‘lsak, shulardan besh yoki olti nafari san’at yo‘lidan ketdi. Qolganlari – har sohada. Demoqchimanki, agar dilda haqiqiy ishtiyoq bo‘lsa, u qaysi kasbda bo‘lmasin, o‘z ishining ustasiga aylanadi. San’atda ham shunday. Qalbida shu sohaga nisbatan cheksiz mehr, muhabbat, sadoqat bo‘lgan san’atkorlarimiz ko‘p. Shu bilan birgalikda, bu sohani faqatgina obro‘ orttirish, tirikchilik manbaiga aylantirish maqsadida yurganlar ham afsuski, bisyor.

Nachora, ular san’at deb atalmish katta va mo‘’tabar dargohning bu eshigidan kirib, narigisidan chiqib ketaveradi. Ammo haqiqiy ijodkorlar shu dargohda qoladi. Endi bunaqa siz aytmoqchi bo‘lgan “pufak”larning hayoti, ayrim sarguzashtlari bizga gohida yangi bir mavzu bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, xalqimizda “Yomonni ko‘rmasang, yaxshining qadriga yetmaysan”, degan dono naql bor. Shundaylarning borligi, mavjudligi tomoshabinga saralash imkonini beradi, uni doimo bahsga chorlab turadi.

- “Urgutlik afandilar”ning sarguzashtlari yana davom etadimi?

- Endi bu masala ko‘proq ssenariy mualliflariga, rejissyorlarga bog‘liq. Qaniydi, yaxshi bir ssenariy, rejissyor bo‘lsa, jon deb sarguzashtlarning davomini o‘ynagan bo‘lardim. Bundan tashqari, hozir kinofilmni suratga olish uchun ssenariy va rejissyordan tashqari, kattagina mablag‘ talab qilinadi. Agar men kinoda rol o‘ynamoqchi bo‘lsam, o‘zim ssenariy, rejissyor, pul topishim kerak.

To‘g‘ri, rejissyorlar tomonidan kinoda rol o‘ynash uchun ayrim takliflar ham bo‘lyapti. Ammo bu takliflarning aksariyati mening dunyoqarashim, saviyamga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ularni rad qilyapman.

- Siz qiziqchilik yo‘nalishida ilmiy ish olib borgan sanoqli olimlardan birisiz...

- Ustozim, rahmatli Muhsin Qodirov bir kuni chaqirib, “Keling, men an’anaviy xalq teatri yo‘lida ilmiy ish qilaman. Lekin shu kulgi yo‘lida ilmiy ish qilish uchun hech kimni jalb qila olmayotgandim. Kulgining bugungi ahvoli, uning yangi televizion ko‘rinishi kabi masalalarni birgalikda tahlil qilaylik”, deganlar.

Keyin shu yo‘lda izlanishlar qilganmiz. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining televideniye va kinorejissyorlik bo‘limidagi saboqlar 3-4 yillik umrim behuda o‘tmaganini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, ilmiy tilga ko‘nikish, olimga aylanishim sal qiyinroq bo‘lgan.

Ilm ichiga kirganimdan keyin esa qiziqchilikka qaytishga qiynalganman. Ammo shuni anglab yetdimki, ham olim, ham qiziqchi bo‘lish qiyin ekan. Shuni o‘ylab ko‘rib, amaliyot uchun ko‘proq vaqt sarfladim. Bu yo‘nalishda orzu-istaklarim ko‘p edi. Shularni birin-ketin amalga oshiryapmiz.

Lekin yuragim tubida ustozimiz yoqqan uchqun hamon turibdi. Niyat qilib yuribman. Mustaqillik yillari san’atiga bag‘ishlab kattaroq ilmiy izlanish qilaman, deb o‘ylayapman. Ma’lum bir jamlanmalarimiz bor. Qarashlar, fikrlar to‘plangan. Lekin bu yo‘l-yo‘lakay qilinadigan ish emas.

O‘zbek qiziqchilik san’atining o‘n asrlik tarixi bor. Ammo bu borada haligacha biror-bir tayinli ilmiy manba yo‘q.

- Ijodingizdan qoniqasizmi? Yangi rejalaringiz?

- Menimcha hech bir ijodkor o‘z ijodidan qoniqmasa kerak. Negaki, agarda u ijodidan qoniqadigan bo‘lsa, o‘sha zahoti u ijod so‘na boshlaydi. Shuning uchun u shoir yoki yozuvchi bo‘ladimi, ashulachi yoki aktyormi, agarda haqiqiy iste’dod egasi bo‘lsa, u hech qachon o‘z ijodidan qoniqmaydi.

Yana bir gap. Ayrim san’atkorlar konsert dasturi bilan to‘y dasturini aralashtirib yuborishadi. Shu o‘rinda, bu ikki dastur haqida to‘xtalmoqchiman. Yo‘q, bu ikkalasi bir-biridan farq qiladi. Konsert bu -  san’atkorning ijodiy kechasi, uning qaysidir ma’noda o‘z muxlislariga hisoboti. To‘y esa boshqa narsa. Shuning uchun bu ikkalasini chalkashtirmaslik kerak.

Qiziqchilarda shunday gap bor. Shu gapirayotganing oxirgi so‘zing bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun hamma narsani gapiraverish insonga hurmat-e’tibor olib kelmaydi. Yigirma yildan oshdi sahnaga chiqayotganimizga. Angladimki, so‘zning mas’uliyati hamma uchun bir. “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”, deyishadi-ku.

Teatrda bitta spektaklni namoyish etish uchun qirqta san’atkor sahnaga chiqadi. Biz qiziqchilar bir kishi yoki ikki kishi chiqamiz. Shu bir-ikki kishida o‘sha qirq kishining ilmi, g‘ayrati, mas’uliyati, iqtidori bo‘lishi kerak. Aytayotgan har bir gapimizni o‘ylashimiz kerak.

Hozirgi kunlarda yangi konsert dasturi, to‘y dasturlari ustida qizg‘in ish olib borayapman. Yaqinda ota-onalar haqida bir qo‘shiq yaratdik. Bundan tashqari o‘tgan yili “Ulfatlar hangomasi yoki qadah so‘zi”, deb nomlangan bir dastur tayyorladik. Hozir qayerga borsak, muxlislar shuni so‘rashadi. Ayni kunlarda Murotali O‘tamali bilan hamkorlikda shu dasturning ikkinchi qismi ustida ishlayapmiz. Unda aroqxo‘rlarning shunday bir xirgoyisi bor:

Mushuk qanday tutib olsa sichqonni, Xotin shunday tutib olar ichganni. Qirq yil yashab ko‘rmaganman men hali ichgan erning ustidan zar sochganni. Qariga may bersang yoshday bo‘ladi. Yosh ichsa ko‘zlari moshday bo‘ladi. Ichganning oldida ichmagan odam yo‘lakda yotgan bir toshday bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi dasturda yangi hangomalar, latifalar, parodiyalar ham bor. Televideniyening kanallaridan birida ham yangi dastur bilan qatnashmoqchiman. Buyoqda Respublika satira teatri ishga taklif qilyapti. Doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshlayapman. Xullas, bosh qashishga vaqt yo‘q. Ijodning ulkan qozonida tinmay qaynab yotibmiz.

- “Handalak”ning mazasi “og‘zimiz”da qoldi. Uning kelajagi haqida nima deya olasiz?

- Bu haqda o‘ylab ko‘rayapmiz. Garchi, hozircha qo‘limizda aniq bir loyiha yoki yo‘nalish bo‘lmasa-da, Zokir Ochildiyev bilan hamkorlikda yangi dasturlar ustida ishlamoqchimiz. Chunki muxlislar bizni asosan “Handalak” guruhi sifatida tanishdi, tan olishdi. Shuning uchun bu ishonchni oqlash, tomoshabinlarni yangi dasturlar bilan xursand qilish niyatidamiz.

«Handalak» efirga uzatilmay qo‘yilganligiga ancha yil bo‘ldi. Buning sababi dasturning efirdagi muddati tugagandi. Aslida har qanday dasturning umri o‘n yil hisoblanadi. Shundan keyin birgalikda bir necha yil konsert namoyish etdik. Lekin bu yil o‘zim mustaqil dastur taqdim etdim.

Bunga sabab, yillar davomida «Handalak»ka sig‘may qolgan fikrlarimni jamlab, muxlislarimga bir asar sifatida havola qildim. Mazkur konsert internet va disklar orqali keng ommaga tarqaldi. Bahoni doimgidek tomoshabinlar beradi. Agar «Handalak» singari puxta loyiha chiqib qolsa, Zokir Ochildiyev bilan yana birgalashib hamkorlik qilishimiz mumkin.

- Savollarga berilgan javoblardan tashqari yana gazetxonlarga aytmoqchi bo‘lgan, til uchida turgan gaplaringiz...

- Til uchida turgan gaplarim ko‘p. Asosiysini aytadigan bo‘lsam, yoshlar o‘qishi, bilim olishi kerak. Chunki “bilimsiz kishi birni yengadi, bilimli kishi mingni yengadi”, degan naql bekorga aytilmagan. Hadislarda aytilishicha, bir kun ilm izlab o‘tkazgan kunning savobi qirq yil o‘qilgan namozning savobi bilan teng ekan.

Yurtimizdagi teatrlarning hammasi dramaning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Estrada san’ati o‘z ichiga mayda janrlar: qiziqchilik, raqs san’ati kabilarni oladi. Biz estrada teatrida ishlashni juda xohlaymiz. Birorta madaniyat uyida bo‘lsa ham estrada teatri tashkil etilsa, hamma qiziqchilarning boshini biriktirsak yaxshi bo‘lardi. Boshqa teatrlarda muallif, rejissyor va ijrochi birlashadi. Biz esa o‘zimizga o‘zimiz yozamiz, o‘zimiz sahnalashtiryapmiz. Biz, askiyachi, qiziqchilar chiqishlarini nazorat qiladigan, qo‘llab-quvvatlab, kamchiliklarini to‘g‘rilashga yordamlashadigan maskan zarur.

Yana bir aytmoqchi bo‘lgan gapim, inson har qanday sharoitda ham ko‘ngilga emas, aqlga qarab ish tutsa yaxshi bo‘ladi. Ko‘p to‘ylarda hali-hanuz ortiqcha dabdaba, isrofgarchiliklar bisyor. To‘y sohibi ertaga qanday yashashini o‘ylamaydi, bugunning g‘ami bilan yashaydi. Bu ham bugungi kunning eng katta dardi. To‘ylarni-ku qo‘ying, ta’ziya marosimlari ham kimo‘zarga o‘tkazilyapti. Joylarda “falonchi onasining ma’rakasida 100 ta to‘n tarqatibdi, men 200 ta tarqataman” qabilidagi shuhratparastlik illatlari mavjud. Axir bu - ta’ziya-ku! Sizning tarqatayotgan buyumlaringiz, molu-dunyongizning marhumga endi qanday foydasi bor, og‘ayni?

Tilimning uchida, dilimning tubida turgan yana bir fikrni aytmasam bo‘lmaydi, chamasi. Siz, men tengi odamlar yaxshi bilishadi, ilgari mahallalar, ovullar, qishloqlarda odamlarga, hech bo‘lmaganda o‘z urug‘i, avlodlariga bosh bo‘ladigan uch-to‘rtta fidoyi qariyalar, oqsoqollar bo‘lardi. Hozir ba’zi mahallalarga borsangiz boshsiz odamni ko‘rgandek bo‘lasiz. Har kim bilganini qiladi. Birovdan maslahat so‘rash yo‘q. Chunki u yerda bosh bo‘ladigan odamning o‘zi yo‘q.

Men joylarda bo‘lganimda shunday oqsoqollarni qo‘msayman. Axir ular bor joyda fayz-baraka, iymon-e’tiqod, yaxshilik bo‘ladi. Shunday emasmi?

Suhbat so‘nggida “Zarafshon” gazetasining ko‘pming sonli o‘quvchilariga eng samimiy tilaklarimni yo‘llayman.

- Mazmunli va maroqli suhbatingiz uchun katta rahmat!

 

Suhbatni Yormamat RUSTAMOV uyushtirdi.