Sobir O‘nar: Adabiyotda yangi mavzu yo‘q, faqat mahorat bor
Taniqli yozuvchi Sobir O‘nar 1964 yilda Qo‘shrabot tumanidagi Quvkalla qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Ilk kitobi — “Orzuga to‘la qishloq”. Shundan so‘ng yozuvchining “Ovloq adirlar bag‘rida”, “Chashma”, “Chambilbelning oydalasi”, “O‘g‘rilar”, “Bibisora”, “Dunyo shunday tururmu?”, “Oldinda yongan mayoq”, “Otamzamon hangomalari”, “Kunsuluvning sirli xatlari” kabi asarlari e’lon qilingan.
– Sobir aka, asarlaringizni o‘qigan kitobxon tanti va sodda qishloq odamlari orasida yurgandek bo‘ladi, xuddiki, ular yaqin odamlaring, jigarlaringdek tuyuladi. Ayting-chi, qahramonlaringizning hayotda prototipi bormi yoki to‘qima obrazlarmi?
- Yozuvchi prototipni o‘ylab topdim degani bilan baribir voqeaning yoki qaysi bir jihati bilan hayotdagi bir prototip bo‘y ko‘rsatib turaveradi. Menimcha, aslida o‘ylab topgan yaxshiroq. O‘ylab topilgan obraz o‘zi uchun yoqimliroq bo‘ladi, lekin hayotda yashaganingdan keyin zamondosh yoki taqdirdosh bo‘lgan odamlarning hayoti haqida o‘zgacha yoki o‘zga odamnikini yozishing qiyin. Chunki, yozuvchi xohlaydimi-xohlamaydimi, u baribir qalb odami. Atrofini, o‘zining qalbiga yaqin odamlarni, qahramonlarni, shuningdek, o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlar taqdirini nazardan o‘tkazishga majbur.
– Asarlaringizda milliy o‘yinlarimizdan biri – uloq–ko‘pkari haqida tasvirlar ko‘p uchraydi. Masalan, “Bir o‘larman chavandoz”, “Aka-ukalar”, “G‘ov” hikoyalaringizda bu bo‘rtib ko‘rinadi. Bu sizning ko‘pkariga qiziqishingizdanmi yoxud qahramonlaringizning chavandoz bo‘lganligidanmi?
– Ko‘pkari xalq o‘yini, boshqa xalq o‘yinlariga nisbatan ko‘proq tomoshabop. Tomoshabinni zavqlantirishga qodir polvon va uning otiga ham bo‘lgan ixlosingni chandon oshiradigan bir o‘yin. Shu ma’noda, men endi aynan ustoz yozuvchi Tog‘ay Murod va boshqalar singari ko‘pkari va chavandoz mavzusini alohida qalamga olaman deb o‘ylamaganman, o‘zimning yuragimga ta’sir qilgan vaziyatlarda shularni qoralab qo‘yganman. Siz tilga olgandan tashqari, bir boshqacharoq, yirikroq hajmdagi yana bir narsa yozildi. Masalan, ko‘pkari nimasi bilan odamni maftun qiladi yoki nimasi bilan jozibali? O‘ylaymanki, ko‘pkarida polvonlikdan tashqari, mardlik, keskirlik, ma’lum bir manfaatlardan kecha olish jasorati ham bo‘ladi. Mana shunday qahramonlarimdan biri keyingi hikoyalarimda bo‘rtibroq ko‘rindi. Yaqin kunlarda matbuot yuzini ko‘rsa kerak.
Lekin menimcha, yozuvchining hayotida mavzu cheklanmaydi. Aynan ko‘pkari degan mavzuga intilmagan bo‘lsam ham, bot-bot o‘sha chavandozlarning ichida ehtimol qarindoshlarim bo‘lganligi uchun ularning turmush tarzi mening hayotimga ma’lum ma’noda singib ketgan. Ularni begona deb hisoblamayman. Shuning uchun o‘zimga yaqin mavzu, ko‘ngilga yaqin, kerak bo‘lsa, o‘quvchigayam ma’lum ma’noda yaqinlik kasb etsa, shundan xursandman.
– Asarning kitobxonni sehrlab qo‘yishi, uni tobora o‘ziga jalb etishining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Bu, avvalambor, ko‘p jihatdan adibning mahoratiga bog‘liq. Masalan, shuni jo‘nroq qilib tushuntirish mumkin. Bir xil mavzuda juda ko‘plab qo‘shiqlar yaratiladi va ayrim qo‘shiq ijrochilarigina bizga yaqinroq. Biz ularni ko‘proq sevib tinglaymiz. Shu singari adabiyotda ham yangi mavzuning o‘zi yo‘q. Har kim o‘zining, masalan, ijtimoiy hayot bo‘ladimi, sevgi-muhabbat haqida bo‘ladimi yoki siyosiy mavzuda bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, yozuvchi uni o‘quvchiga ohanrabodek yoqimli va jozibali qilib yetkaza olishi mumkin – yozuvchining vazifasi shu. Agar o‘quvchiga ma’lum ma’noda yaqinlik bilan yetkazar ekan, bu muvaffaqiyat – faqat mahorat bilan bog‘liq bo‘lgan sir.
– “Davlatning qaytishi” hikoyangizda asosiy maqsad har bir inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, baxtli onlarni o‘z qo‘lida tutib qolishiga qodir bo‘lgan insonlargina hayotda to‘liq baxtliman deb ayta olishga haqli ekanligini uqtirmoqchi bo‘lgansiz. Men asarni o‘qish asnosida hikoya oxiri yaxshilik bilan tugasa kerak degan fikrni yuragimdan o‘tkazib turgan edim. Umuman, hikoyada Davlatning taqdirini fojiali yakunlashdan maqsad nima? Unda nima nazarda tutilgan?
- Hikoya janriga qo‘l urganimdan beri birinchi marta ma’lum bir ma’noda ikki yo‘nalishni bitta hikoyaga singdirishga harakat qilganman. Bu yerda men o‘zim aslida o‘sha Davlatni yaxshi ko‘rib, unga uka sifatida ixlos qilib yondashganman. Dunyoning bevafoligi, o‘sha yosh bir yigitga nasib qilayotgan, ayni paytda ismiyam Davlat, uning qo‘liga oson kirayotgan davlat ham aslida judayam omonat ekanligi va mana shu sovuqqon dunyoning odamga mehribon emasligi, davlat qo‘lning kiri sifatida qolib ketishi, yosh bir yigitning umri erta xazon bo‘lishi, uning atrofida do‘stlari bo‘lishi ma’lum ma’noda o‘sha yoshlarga xos bo‘lgan kayfu safo qilib yurishlari ham faqat omonatning o‘zginasi. Ayni paytda o‘ziyam omonat. Shuni ehtimol, ta’kidlagim kelgandir. O‘ylaganlarim shular. O‘sha jozibayam, yoshlik ham qo‘lga kiritilgan molu davlat, bu bazmu jamshid faqat omonat. Bu bir lahzada o‘tib ketayotgan jilvalar, xolos. Sarob. O‘shandan keyin qirq yoshgayam yetmasdan shamolday o‘tib ketdi. Bu hayotda aslida bor yigit. Uni tanib qolishlaridan hadik olganman. Qisqasi, bu dunyo o‘ta sovuqqon, bizning bino qo‘yishimizga arzimaydi degan gapni aytmoqchi bo‘lganman.
- Realistik yo‘nalishda ijod qilasiz, bu siz uchun qulay usulmi? Metaforalar va ramzlar orqali ifodalashga munosabatingiz...
- Aslida realizm tarafdoriman. Realizm eskirmaydigan uslub. Ramziylik, timsollar, metaforalarga qarshi emasman. Chunki Sharq adabiyoti – ramziylik ko‘proq aks etadigan adabiyot. Kerak bo‘lsa, xalq og‘zaki ijodi, dostonlarimizda ham, biz xohlasak-xohlamasak, ichidan timsollar chiqib kelaveradi. Masalan, Go‘ro‘g‘li obrazi. U mard davlat boshlig‘i, uning qirq yigiti ko‘paymaydiyam-kamaymaydiyam. Qaysidir mamlakatga yurish qiladimi, albatta, g‘olib chiqadi. Va ayni paytda befarzand. Uning tug‘ilishi ham g‘alati. Onasi vafot etgandan keyin, go‘rda tug‘iladi va o‘zi parilarga uylanadi. Yunus pari bilan Misqol parilar uning malikalari. Ma’lumki, hayotda va afsonalarda, diniy asarlardayam parilar farzand ko‘rmaydi. Chunki ular farishtalar. Go‘ro‘g‘li farishtalarga uylangan va bundan keyin ham farzand tug‘ilmasligi aniq. Bu g‘alati bir timsol. Lekin mardlik, polvonlik, jasorat, adolatsizlik ustidan doim g‘alaba qilishlari, Avazxon bo‘ladimi, Hasanxon bo‘ladimi va boshqalarga yor tanlashda har doim ko‘makdosh bo‘lib kelgan. Ma’lum bir oddiylik bor, oddiylikning orqasida sirlilik, ya’ni o‘zi farzand ko‘rmay turib, asrandi o‘g‘illarining hammasini baxtli qilishga harakat qilgan podshoh. Shu ma’noda, biz istasak - istamasak, bu asarlarga qaytishga majbur bo‘lamiz.
Sizga ma’lum, “Chambilbelning oydalasi” nomli qissam bor. Bu qissada “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan foydalanganman. Mening zamonaviy qahramonim o‘ladi-da, go‘rdan tirilib qaytib keladi. Qaytib kelgach, baribir avvalgi paytdagi g‘irromliklarning ustidan chiqadi. Zamondosh va tengdoshlariga qo‘shila olmaydi. Yana unga yondosh bir obraz bor. Otaqul qirg‘iy. U oqsoqol odam, gapi keskir, faqat qishlog‘ida emas, boshqa joylarda ham ta’siri kuchli. Uyam taqdir taqozosi bilan o‘g‘rilarning qo‘liga tushadi-da, dashtda qolib ketadi. Cho‘lda yilqiboqarlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy boylarning qo‘liga bejiz tushmagan, sinchiligi, otboqarligi, ko‘pkaridagi beqiyos tajribasi minglab yilqisi bor boyga qo‘l keladi. Bizning Go‘ro‘g‘li bilan ikkovi bir-birini bilgan holda yondosh yashaydi. Ularning qarindoshlik jihatlari ham bor. Otaqul qirg‘iy oxirida o‘sha dashtdan qochish imkoniyati tug‘ilganda “Sizni olib ketaman”, deb taklif qilinganida “Men ketmayman”, deydi. Uning o‘ziga xos sababi bor. U el ustida yurgan oqsoqol odam, elga aql o‘rgatib yurgan odam ma’lum bir muddat qulchilik qilishga majbur bo‘ldi. Ana shu isnodni ko‘tara olmadi. Isnod shunday, bundan ko‘ra o‘lib ketgani va dom-daraksiz ketgani afzal edi. Uni bedarak ketgan deb qidirishadi, topisholmaydi. Bu yerda men urg‘u bermoqchi bo‘lgan gapim shu xalqning oqsoqoli bo‘lgan odam endi bir muddat yo‘q bo‘lib ketdimi, bunaqa g‘ururli odam elga qo‘shilmasligi aniq. Buni endi eksperiment, ma’lum jihatlari modern adabiyotga taalluqli deb talqin qilish ham mumkindir. Ba’zi adabiyotshunoslar gapirgan, lekin o‘zim mohiyatini yaxshi anglaganim uchun o‘sha ramzlardan foydalanishga harakat qilganman. Biroq realizm ustuvor. O‘sha timsollar ham bor. O‘zimning zamonaviy qahramonim xiyonat qurboni bo‘ldi. O‘zining do‘sti xiyonat qildi. Oqibatda u o‘limga yuz tutadi-da, aslida o‘lmaydi, klinik o‘limni boshidan kechiradi – bu realizm. Lekin ayni paytda qabristonga qo‘yib, qaytib kelishgandan keyin u o‘zining avvalgi holatiga qaytib, tirilib keladi. O‘sha cho‘ldagi Otaqul qirg‘iy bilan uchrashadi. Mening o‘ylaganlarim – dunyo tor va ayni paytda dunyo keng. Dunyoning torligi mana shu ikkita, taqdiri bir-biriga juda o‘xshaydigan odamlar shu dunyoning o‘zida ham ko‘rishdi. Ular vafot etib, ruhlari narigi dunyoga borib uchrashishi shartmas deb uchrashtirdim. Bu hayot haqiqatiga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, bilmayman, biroq yozuvchi sifatida ishontirishga harakat qildim.
– Asarlaringizda shevaga xos so‘z va iboralarni ishlatgansiz. Jumladan, “qora tovon”, “kichik nashaxona”, “cho‘bir”, “kechin ola”, “chag‘at joy”, “nochavandoz”, “tosrayib”, “ertalabga dovur”, “toshdevol”, “murdor bo‘ldi”, “orqasi yer iskamas jaydari tabilchi”, “bu o‘larman”, “bir fasilda”, “shuytib”, “chakamik”, “dustaman”, “sho‘rg‘alab” kabilarni uchratamiz. Shubhasiz, u asarning o‘qishliligini oshirgan. Lekin siz izoh bermay ketasiz. Bu o‘quvchini sinashmi yoki baribir tushunadi degan ishonchmi?
- Dastlabki hikoyalarimda muharrirlar izoh talab qilishar edi. Keyin ma’lum bir muddat “Yoshlik” jurnalida ishlaganimdan keyin “Til sandig‘i” degan rukn paydo bo‘ldi. Bu yerda aksariyat shevalar keltirilardi-da, adabiy til bilan izohlanar edi. Rahmatli Ravshan Fayz bilan birga shu jurnalda faoliyat ko‘rsatganimizda Qo‘shrabot shevalarini to‘plaganmiz. Keyin o‘sha so‘zlarning ba’zi birlarini “Navoiy asarlarining izohli lug‘ati”da ko‘rdim. Biz sheva deb ishlatayotgan so‘zlar qachondir xalq orasida badiiy so‘z sifatida ishlatilgan. Navoiy o‘z asarlarida ayrim shevalardagi so‘zlardan adabiy so‘z sifatida foydalangan. Siz tilga olgan so‘zlarning aksariyati adabiy tilda muqobili yo‘q so‘zlar. Masalan, adabiy til doim bir joyda qotib turmaydi, yangi so‘zlar hisobiga boyib borishga majbur. Masalan, suvda qulochkashlab suzish - “moltish” degan so‘z bor. Adabiyotda ham yo‘q, adabiy tildayam yo‘q. Moltimoq – suvda qo‘l bilan oldinga harakat qilmoq. Adabiy til shevalar hisobiga boyisa, yomon bo‘lmaydi.
- “Otamzamon hangomalari” asaringizni o‘qib, yozuvchi kundaligini o‘qigandek bo‘ldim. Bu asarni yozish fikri sizda qanday paydo bo‘ldi? Asardagi qahramonlar barchasi siz tug‘ilib o‘sgan qishloqda yashagan va yashamoqda. O‘quvchilaringiz bu asarga qanday munosabatda bo‘lishdi?
- “Otamzamon hangomalari”da nisbatan keyingi yillardagi holat yozilgan. Odam og‘ir o‘ylardan, og‘ir g‘oyalardan chiqib ketishning ba’zi bir yo‘llarini axtarib yuradi. Masalan, katta san’atkorga ham har doim “Munojot” yoki “Cho‘li Iroq”ni qayta-qayta buyurtma berganing bilan aytgisi kelmay qoladi. Shu ma’noda, o‘zim bilgan odamlarning hayotidan kichik hangomalar yozib ko‘rsam-chi, degan fikr bor edi. Buyam eksperiment aslida. Abdulla Oripov ko‘p e’tirof etardi: “Sobir, o‘zing bilgan odamlar haqida kattaroq bir nima mo‘ljallab qo‘y”, derdi. Lekin bu odamning kayfiyati bilan bog‘liq, bularning deyarli ko‘pchiligi qarindoshlar, bobolar, momolar. Ularning birovga o‘xshamaydigan qiliqlari, fe’l-atvori, xarakteri, hayotidagi esda qoladigan qiziqarli voqealar. Hikoya deb da’vo qilmayman. Hangomalar.
Hangoma degan janr bor aslida. Latifa bilan hikoyaning o‘rtasida. Bu bor janr. O‘tirib-o‘tirib, hangoma ustida, suhbatlashib bo‘ladigan narsa. Unda tugallik talab qilinmaydi. Badiiy chuqurlik, uyam ehtimol, talab qilinmas yoki timsollar bilan ko‘rsatish ham shartmasdir. Bor-boricha, yo‘q – holicha. Boyagi gapning davomi, o‘sha mashhur hofiz orada “Yor-yor”niyam aytsa, yaxshi bo‘ladi. Yozuvchiyam og‘ir g‘oyalar, og‘ir ishdan o‘tib bo‘lgandan keyin yengilroq biror nima yozgisi keladi. Shu ma’noda, aslida, bu yengil janr bo‘lib ko‘ringani bilan bor odamlarning xarakterlari, shu jihati bilan e’tiborli bo‘lish kerak.
- Ilgarilari tarjima bilan ham shug‘ullangansiz, qoraqalpoq adibi X.Tojimurodovning “Ov hangomalari”ini va turk yozuvchisi Bakir Yulduzning “Karbalo fojiasi” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgansiz. Ayniqsa, “Karbalo fojiasi” asari o‘sha paytda barchaga manzur bo‘lgan edi. Keyingi yillarda tarjima bilan shug‘ullanmadingizmi? Yoki bundan biz bexabar qoldikmi?
- Yo‘q, keyingi paytlarda tarjima bilan mashg‘ul bo‘lmadim. Ba’zi bir chala tarjimalar bor-u, aynan muntazam shug‘ullanishni talab qiladigan soha buyam. “Ov hangomalari”ni yozgan adibni eshitganman-u, ko‘rmaganman. Mahorat bobida ham judayam yaxshiligini his qilganim yo‘q. Nashriyotning menga yuklamasi bo‘lgan.
“Yoshlik” jurnaliga Tohir Malik bosh muharrir vaqtida menga “Diniy ilmlardan yaxshi xabardor ekansiz, Bakir Yulduzning “Karbalo fojiasi” asarining tarjimasi bilan siz shug‘ullaning”, dedi. Qo‘lga oldim-u, boshladim. Ba’zan boshqa ishlarga mashg‘ul bo‘laman. Tohir akaning o‘ziga xos fe’li bor ediki, peshma-pesh e’lon qilib boraverdi. Natijada muntazam tarjima qilishga majbur bo‘ldim. Keyin kitob holida ham bosildi.
Qisqasi, tarjimachilik men uchun muntazam ishga aylanmadi. Ko‘p yozuvchilarning hikoyalarini tarjima qilib ko‘rganman. Tarjimaning foydali tomoni, siz bilan bizga o‘xshab shaharda yashamagan, rus tili muhitidan uzoq bo‘lganlarga baribir birdaniga singishib ketish qiyin. Shu ma’noda, odamning so‘z boyligi badiiy tarjimada eng qo‘l keladi. Aynan o‘zing gapirayotgan o‘zbek tilini qamrovli va o‘zbekcha jaranglata bilish muhim o‘rin tutadi. Shuni bilganman.
Mohir tarjimonlar bilan suhbatlashib, ulardan o‘rganishga intildim. Nizom Komilov, G‘aybulla as-Salom kabi olimlardan nazariy bilim oldim. Lekin Qodir Mirmuhammedov, Ibrohim G‘afurovlarning tarjima asarlarini o‘qiganda, odam baribir tan beradi.
- Sizning tengdoshlaringiz allaqachon bir necha romanlar yozishga ulgurdi. Siz bu janrga negadir qo‘l urmayapsiz. Sizda mahorat va tajriba yetarli-ku. Sababi nimada?
- Hayotda ko‘rganlarim haqida tizimli mavzuda yoki tarixiy mavzuda yozishni mo‘ljallab yuraman. Bu ishga bel bog‘lagan kishi bo‘lib, material to‘playman. Bu endi hayotning ikir-chikirlari haqida bo‘lmaydi. Millatni millat sifatida pastga tortadigan xunuk bir ojizona illatlarimiz haqida bo‘ladi. Roman haqida jiddiyroq o‘ylayapman. Vaqti keldi chamamda.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Do‘stbek Sulaymonov suhbatlashdi.