Qudaga brilliant taqinchoq, mehmonlarga televizor

Yoki mantiqsiz orzu-havas oilalarni parokanda qilyapti

Sabablar, oqibatlar, natijalar bir necha marta aytilayotgan, ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, ammo bu yo‘ldan qaytmayotganimiz hayron qolarli darajada taassufli. XXI asrda ham to‘ylarni ixchamlashtirish haqida bong urayotganimiz, uning oqibatlarini tinmay takrorlayotganimiz “tuzalmas dard”ga yo‘liqqanimizni anglatadimi yoki...

Yaqinda bir ayolning “to‘y qildik, naq 30 ming dollarimiz ketdi. Karantin paytlari yaxshi edi-ya. Qani endi, yana shunday cheklovlar bo‘lsa to‘ylarga”, deb qoldi. Qiziq, o‘zi xohlaganday ixcham to‘y qilish uchun odamlarga nima xalaqit beryapti? Bir oila elga to‘y berish uchun qarz-qavola qilishiga nima sabab? Nega asosiy hashamlarning boshlovchisi ayollar bo‘lib qolmoqda?!

Viloyat hokimi o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso RAHMONOVA bilan shu masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

- Oila bilan juda ko‘p masalalarda, xususan, dabdabali to‘ylarga ro‘ju qo‘yishimiz oqibatlari bo‘yicha o‘rganganlarimiz, umumlashtirganlarimiz, statistik ma’lumotlar mavjud. Ya’ni, bu masalada aytmoqchi bo‘lgan gaplarim bir-ikkita misol ta’sirida kelib chiqmagan.

Yaxshi bilasiz, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda to‘ylar bilan bog‘liq turli hasham yoki nojo‘ya holatlar ko‘pincha Samarqandda o‘tkazilgan to‘ylardagi videolar orqali tarqalmoqda. Dabdaba, restoranlardagi 30 kishiga yetadigan noz-ne’mat 10 kishilik stolga qo‘yilayotgani, quda-andalarning oldi-berdisi-yu va boshqa "odat"larni ko‘rgan chet elliklar bu qaysi milliarderning to‘yi, deb hayron qolayotir. Afsuski, ushbu hashamlarning asosiy “ijodkori” ayollar bo‘lib chiqmoqda.

- Balki shuning uchun ham xorijga ishlash uchun ketayotganlar orasida ayollar ko‘pchilikni tashkil qilayotgandir. Orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish uchun oilada erkak kishining qurbi yetmayotgani uchun o‘zlari yo‘lga otlanishgan, shekilli.

- Afsuski, bu fikringizda jon bor. To‘g‘ri, chetga oilasini boqish uchun, noilojlikdan ketayotgan ayollarimiz ham ko‘p. Ammo aksariyati farzandlarimning to‘yini o‘tkazishim kerak, degan maqsadni ko‘zlagan. Yaqinda shu masala bo‘yicha O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza bilan videoaloqa orqali rasmiy muloqotimiz bo‘lib o‘tdi. Elchi yurtimizdan Isroilga ishlash uchun borayotganlar orasida samarqandliklar ko‘pligini ta’kidladi. Kuzatishlarimizga ko‘ra, ularning aksariyati to‘y qilaman, deya shu yurtga ishlash uchun bormoqda. Yaxshi bilasiz, Isroilga nochor oilalar borolmaydi. Aynan dabdaba, hasham uchun borishadi.

- To‘ylarda farzandlariga qimmatbaho mebellaru, kiyim-kechakni qo‘ya turing, qudalariga brilliant taqinchoqlar, to‘yga kelgan 200-300 nafar mehmonga ham qimmatbaho sovg‘alar ulashish kabi mantiqsiz odatlar ham afsuski, xorijda ishlab kelinayotgan mablag‘ evaziga bo‘lyapti. Buni odatga aylantirib, bir-biridan o‘zdirayotgan xonadonlar ko‘payib bormoqda.

- Afsuski, shunday. Oilalarda bu odatlarga to‘xta, deydigan odam topilmayapti. Bahona bitta – hozir hamma shunday qilyapti, zamon o‘zgardi. Vaholanki, uni kim o‘zgartiryapti, o‘zimiz emasmi? O‘zimizning dabdabaga o‘chligimiz emasmi?

Feruza Mahmudova bilan muloqotimiz davomida shu fikrlar alohida ta’kidlandi.  Bilasizmi, “Bolam eng zo‘r oliy o‘quv yurtida o‘qishi kerak, shuning uchun ishlayapman”, deydiganlar juda kam. Aksariyatining maqsadi – dabdabali to‘y qilish yoki hashamatli uy qurish.

Bu ham mayli, lekin xorijga ishga ketgach, qanchadan-qancha muammolarga duch kelib, oilasi parokanda bo‘layotganichi? Aslida elchi bilan suhbatimiz bosh mavzusi shu edi, ya’ni bu yerdan Isroilga ketayotgan ayollarning huquqiy bilimini oshirish, ularning ishga ketish oldidan ma’lum bir tushunchalarga ega bo‘lishini ta’minlash lozimligi haqida edi. Borgach, shunchalik ko‘p muammolar yuzaga kelayotirki, oilalar parokandalikka uchrashiga sabab bo‘lmoqda. Elchining aytishicha, yaqinda shunday ayolga yordam berilgan. Samarqandlik ayol noma’lum sabablarga ko‘ra, o‘sha yerda ruhiy xastalikka chalinadi. Xonadon egalari uni nomunosib tarzda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib boradi, elchixona bu ayolni uyiga qaytarish maqsadi uning oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilganida: “Shuncha pul sarflab ketdi, nima bo‘lsayam ishlasin, endi”, degan javobni olishadi. Biz hasham uchun ayolni chet ellarda qanday bo‘lmasin pul topishiga ko‘nikdikmi, bu qanchalik ojiz ahvolga tushib qolganimizni anglatmaydimi?!

Ayol xorijdan pul jo‘natib yuraversa-yu, bu yerda turmush o‘rtog‘i boshqasiga uylanib olsa, chetda qiynalib ishlab, og‘ir kasallikka duchor bo‘layotgan, farzandlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganlari qancha?

- Ayolning uzoq vaqt chetda bo‘lishi oiladagi muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

- Eng yomoni, farzandlar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Afsuski, oiladagi juda ko‘p muammolarga migratsiya masalalari ham sababchi. To‘g‘ri, qiynalib, ish izlab borib, ma’lum muddat o‘tgach, u yerda o‘zini tiklab olgan oilalar juda ko‘p. Lekin pul ketidan quvib, yillar davomida xorijda qolib ketish oilaning o‘zaniga putur yetkazayotir. Ko‘pincha onalar bolalarini ayni o‘smirlik payti tashlab ketayotgani, garchi, avvaliga ularning xatti-harakatida bilinmasa-da, ammo ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa keyinchalik ularning tarbiyasini bo‘yniga olgan qarindoshlarining so‘ziga kirmaslik, istaganini qilish, ba’zida jinoyat ko‘chasiga kirishiga olib kelayotir. O‘z joniga qasd qilgan, erta tug‘ruq bilan bog‘liq holatlarning aksariyatida onalarning o‘z farzandlari yonida emasligi sabab bo‘lmoqda. Oiladagi bunday darzni dunyoning boyligi bilan ham to‘ldirib bo‘lmaydiku!? Bular haqida ommaviy axborot vositalarida aytish, odamlarni hushyorlikk chorlayverish kerak, nazarimda.

Hasham, dabdabali to‘y farzandingizning yoningizda mehr bilan tarbiya topishiga teng kelmaydi, aziz ota-onalar!

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.