Orzular oroli: Kanadalik juftlik 29 yildan beri suv ustida qurilgan uyda yashaydi
Kim ham okeanda o‘z oroliga ega bo‘lishini orzu qilmaydi. Bunday hashamatni faqat juda boy odamlar o‘ziga ep ko‘rishi mumkin. Biroq, tabiatan zukko, mehnatsevar va jasur kishilar uchun turli imkoniyatlar mavjud. Kanadalik er-xotin Ueyn Adams va Ketrin King hayotining aksariyat qismini o‘z qo‘llari bilan oddiygina qurilish materiallaridan “yasagan” shaxsiy orolda o‘tkazib kelmoqda.
Ueyn va Ketrin tinch okeanidagi Vankuver orolining yaqinida joylashgan bu ajoyib suzib yuruvchi qirg‘oqni “Ozodlik ko‘rfazi” deb atashadi va yer yuzidagi eng yaxshi joy deb hisoblashadi. Ular bu yerga 29 yil oldin, shahardan kelib joylashishgan. Endi orqaga qaytish yo‘q, ular hayotining qolgan qismini tabiat bilan uyg‘unlikda o‘tkazishmoqchi.
Ueyn va Ketrin solga joylashib olishidan oldin Vankuver orolining g‘arbiy qismidagi Tofino shahrida yashab kelishgan. U yerda faqat 2 ming kishi yashasa-da, shahar juftlikka shovqin-suronli va behalovat bo‘lib tuyulardi. Shu sababli ular bor mol-mulkini sotib, okean yaqiniga joylashishga qaror qilishdi. Dastlab er-xotin suzib yuruvchi chiqindi va xodalarni yig‘ib, o‘zlariga sol yasashgan. Ueyn butun hayoti davomida yog‘och va tosh o‘ymakori bo‘lib ishlaganligi sababli yog‘ochli konstruksiyani yasash unga unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi.
Suzib yuruvchi orol kattalashgach, u suvga tushirildi va suvda qurib bitkazildi. Quruvchining hisob-kitobiga ko‘ra, ulkan sol 450 tonnani tashkil etadi, u hech qanday tarzda boshqarilmaydi va qirg‘oq atrofida erkin harakatlanadi. Bo‘ron paytida “orol”ning qirg‘oqdan uzoqlashib ketishining oldini olish maqsadida Ueyn uni kuchli po‘lat simlardan ishlangan arqonlar bilan qirg‘oqqa bog‘lab qo‘ygan.
Oroldagi hayot
Platformada uy, san’at galereyasi, raqs maydonchasi, sham ishlab chiqaruvchi zavod, issiqxonalar va hatto sun’iy sharshara ham bor. Orol hayoti elektr energiyasini quyosh batareyalaridan oladi, chiqindilar esa yaqin atrofda suzib yuruvchi maxsus konteynerda utilizatsiya qilinadi.
Er-xotin kamdan-kam hollarda “Ozodlik ko‘rfazi”ni tark etishadi. Eng yaqin aholi punkti oroldan 25 km uzoqlikda joylashgan. “Bir muncha vaqt bo‘lsa ham quruqlikda yashashni xohlaysizmi, dengiz kasalligidan aziyat chekmaysizmi?”, degan savollarga Ueyn Adams shunchaki kulib “Biz yer kasalligidan aziyat chekamiz”, deb uyi tomon shoshiladi.REKLAMA
Aytgancha, quruqlikda yurish uchun juftlikning vaqti ham yo‘q. Tushunib turganingizdek, bunday ulkan tuzilma doimiy ta’mirlash, texnik xizmat va nazoratni talab qiladi. Orolliklarning uy yumushlari ham ko‘p. Ketrin 4 ta issiqxonada sabzavot yetishtiradi. Barcha o‘simliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri orolda o‘stiriladi. O‘g‘itlarni ayolning o‘zi dengiz o‘tlaridan tayyorlaydi.
Ueyn esa doimo nimanidir arralaydi, kesadi, mixlaydi – katta sol undan juda ko‘p vazifalarni talab qiladi. Bundan tashqari suzuvchi orolning “kapitani” ko‘pincha uyning polida shaffof plastmassadan yasalgan lyukni ochib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri divan ustida yotib baliq ovlaydi. Juftlik shaharda faqat kiyim-kechak, batareyalar va asboblarni sotib oladi, boshqa hollarda esa o‘zlarini-o‘zi ta’minlaydi.
Juda band bo‘lishiga qaramay, ular kitob o‘qish, raqsga tushish, musiqa chalish va rasm chizish bilan ham shug‘ullanadi. Suzib yuruvchi orolga ba’zan qarqara, qarg‘alar va mo‘ynali suv mushuklari mehmonga kelib turishadi. So‘nggi paytlarda zohidlar uyiga ular hayotini yoritishga qiziqqan jurnalistlar tez-tez tashrif buyurayapti. Mezbonlar har doim mehmondo‘st, biroq uzoq suhbatlashishga ularning vaqti yo‘q.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.