Ota farzandlari yashayotgan uyning ijara pulini yarmini to‘laydigan bo‘ldi
Lola (ismi o‘zgartirilgan) Shohruh (ismi o‘zgartirilgan) bilan 2010 yilda qonuniy nikohdan o‘tib, uch nafar farzand ko‘rishgan. Biroq o‘zaro kelishmovchiliklar sababli 2016 yil dekabr oyida Lola farzandlari bilan ota-onasining uyiga qaytishga majbur bo‘ladi.
“Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari”, deganlaridek Lola ham tug‘ilib-o‘sgan uyida endi ortiqchalik qilardi. Shuning uchun u har oyda 2 million 400 ming so‘m to‘lashga kelishgan holda farzandlari bilan Dilshodaning uyida yashay boshlaydi. Tabiiyki, hech qayerda ishlamaydigan Lola Shohruh farzandlariga aliment pullaridan tashqari yordam bermasligi sababli moddiy qiyin ahvolda qoladi.
Shu bois, uy-joyni ijaraga berish shartnomasida belgilangan pulning yarmini har oyda Shohruhdan undirib berish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Sud ish holatlariga huquqiy baho berib, ijraga berilgan uy-joyning mulkdori Dilshoda bilan ijaraga oluvchi Lola o‘rtasida 2019 yil 3 fevralda ijaraga berish shartnomasi tuzilganligini, shartnomada ijara har bir oyda 2 million 400 ming so‘m deb kelishilganligini inobatga oldi.
Ota-ona farzandlarining ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shartligidan kelib chiqib, otadan ijara haqining yarmi, ya’ni 1 million 200 ming so‘mdan undirish belgilandi.