O‘tgan yili davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 10,9 mingta qonunbuzilish holati aniqlangan

2021 yilda viloyat bo‘yicha 12 076 ta kichik biznes sub’yektlari yuridik shaxs sifatida, 18 261 ta yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tdi, 53 ta xorijiy investitsiya (qo‘shma va xorijiy) ishtirokidagi  korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirilgan raqamlarga ko‘ra, 2021 yilda markazlar tomonidan 780 ming 363 ta xizmat ko‘rsatilgan. Bu 2020 yil bilan solishtirilganda ko‘rsatilgan xizmatlar 118 ming 553 taga ortganini bildiradi. 

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlari 2020 yilga nisbatan 5 654 taga ortgan. Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yuridik shaxslar taqqoslanayotgan davrga nisbatan 3 420 taga, YaTTlar esa 2 170 taga ortgan. (2020 yilda 24 747 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan 8 656 tasi yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik biznes sub’yektlari bo‘lsa, 16 091 tasi esa yakka tartibdagi tadbirkorlardir.)

O‘tkazilgan tekshirish va monitoringlarda aniqlanishicha, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli organlar tomonidan 2021 yilda 10 981 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Shundan, 10 254 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 29 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 228 holatda ortiqcha hujjat talab qilib olingan, 334 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan va 136 ta holatda boshqa qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilgan.