O‘z bolasini sotgan ayolni jamoatchilikka olib chiqish va izza qilish to‘g‘rimi? Tanzila Norboyeva bunga munosabat bildirdi

Yil boshidan hozirgacha O‘zbekistonda o‘z farzandini sotgan 23 ta holat kuzatilgan. Nega jamiyatimizda shunday muammolar uchramoqda? Mutasaddilar mazkur masalalarga chora ko‘ryaptilarmi? Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ushbu muammo yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

“O‘z bolasini sotgan ayolni jamoatchilikka olib chiqib, izza qilish to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Avvalambor, o‘z bolasini sotgan ayolning ijtimoiy psixologik holati o‘rganilishi lozim. U qattiq tushkunlikka tushganmi, shunchalar og‘ir ijtimoiy ahvolda qolganmi? Bunday qiyin ahvolga tushgan ayol bilan individual tarzda gaplashilishi, uning muammolari o‘rganilishi lozim. Hatto urush yillarida ham odamlar o‘z farzandlarini olib chiqib sotishmagan. Mening nazarimda, ishsizlik va pulsizlik ham o‘z farzandini sotishgacha olib bormasligi kerak. Bugungi kunda og‘ir ahvolda qolgan yoki yolg‘iz farzand katta qilayotgan ayollarga yordam ko‘rsatish va ularni ish bilan ta’minlash uchun barcha zarur chora tadbirlar ko‘rilmoqda”.

Mazkur munosabat Xalqaro press-klubning “O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishning yangi tizimi: xalqaro hamkorlik, ustivor vazifalar va muammolar tahlili“ mavzuida o‘tgan muloqotda bildirildi, deb yozmoqda O‘zA.