O‘zbekiston bir nechta davlatlar bilan aviaparvozlarni bosqichma-bosqich tiklaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingani ma’lum qilindi.
Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.
Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.