O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK)ning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi

Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi dunyoning 180 ga yaqin mamlakatidagi kasaba uyushma tashkilotlarini qamrab olgan, 200 milliondan ortiq a’zoni birlashtirgan eng yirik Xalqaro kasaba uyushmalari birlashmasi hisoblanadi.
Bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi, xodimlarning kasaba uyushmalariga birlashishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Masalan, O‘zbekiston tomonidan Xalqaro Mehnat Tashkilotining 24 ta Konvensiyasi va 1 ta protokoli ratifikatsiya qilingan. Bu kabi ijobiy o‘zgarishlar nafaqat Respublika miqyosida, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yilning iyul oyida mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi. Mazkur qabul davomida Jilber Ungbo o‘z tashrifini O‘zbekiston rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi deb atadi.
Davlatimiz rahbarining bu kabi sa’y-harakatlari natijasida mamlakatimizda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, milliy va xalqaro mehnat standartlarini hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli tadbirlar xalqaro darajada yuksak baholanib, xalqaro darajadagi hamkorlikni rivojlantirish borasida mislsiz natijalarga erishilmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining dunyodagi eng yirik kasaba uyushmalari birlashmasi bo‘lgan Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK)ning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilingani fikrimizning yorqin dalilidir.
Ta’kidlash o‘rinliki, 2024 yil 28-30 oktyabr kunlari mamlakatimizda Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining missiyasi bo‘lib o‘tdi, unga ushbu Konfederatsiyaning bosh kotibi Lyuk Triangl boshchilik qildi. Mehmonlar O‘zbekistonda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Ular bu kabi natijalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mazkur xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun muhim shart ekanligini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasiga haqiqiy a’zo sifatida qabul qilingani tom ma’noda Yangi O‘zbekiston kasaba uyushmalari hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorlik mehnatkashlar manfaatlari yo‘lidagi faoliyatning yanada takomillashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.
A’zolik O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi uchun xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarni kengaytiribgina qolmay, mamlakatimizning xalqaro darajadagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.