O‘zbekiston Qirg‘izistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi
O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan qo‘shni Qirg‘izistonga koronavirus «COVID-19» kasalligini bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi temiryo‘l stansiyasidan ming tonna un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda foydalaniladigan bir martalik bosh kiyimli himoya kombinzoni, respirator, qo‘lqop, himoya ko‘zoynagi, pirometr hamda test-sistemalar ortilgan poyezd qo‘shni respublikaga jo‘natildi.
«O‘zbekiston xalqidan Qirg‘iziston xalqiga insonparvarlik yordami» shiori ostida tashkil etilgan insonparvarlik yordami O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufidagi «Qo‘rg‘ontepa don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati hamda mamlakatimizdagi farmatsevtika korxonalari hamkorligida amalga oshirildi.
Insonparvarlik yordami ortilgan maxsus eshelon Qirg‘izistonning O‘sh shahriga yo‘l oldi.