O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qirg‘iz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan bayonoti

Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga qat’iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi.

Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz.