“O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonun ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi

Kecha, 8 iyul kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat a’zolari, ekspertlar guruhi hamda bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi bir necha ob’yektiv sabablar bilan bog‘liq.

Jumladan, amaldagi, 1996 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini tizimli hal etishni ta’minlay olmaydi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillari ishlab chiqilmagan va tartibga solinmaganligi, o‘z navbatida, mazkur masalalarda chuqur tahlil qilinmagan qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratib kelayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, amaldagi Qonunda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining vakolatlari va vazifalari aniq belgilab berilmagan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar belgilanmagan. Ahamiyatlisi, amaldagi Qonun qabul qilinganda 31 moddadan iborat bo‘lgan va ulardan bugungi kunda 15 tasi turli sabablarga ko‘ra o‘z kuchini yo‘qotgan.

Muhokama qilingan mazkur yangi Qonun bir qator muhim asosiy qoidalarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Xususan, unda hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha qaror qabul qilishda davlat organlarining vakolatlari va vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalari bo‘yicha takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish mexanizmlari o‘rnatilib, mazkur masalalarda maxsus kommissiyalar tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish huquqiy normalar asosida belgilanmoqda.

Shuningdek, majlisda ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari bilan bog‘liq munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar orqali qonuniy tartibga solishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.