O‘zbekiston TIV Ozarbayjon-Armaniston chegarasida yuzaga kelgan kelishmovchilikka munosabat bildirdi
Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi vaziyatning yanada keskinlashuvi tinch aholi orasidagi qurbonlarga olib kelishi, MDH davlatlari hududidagi muhim iqtisodiy aloqalarni buzishi mumkin.
“O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanligini bildiradi.
Mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin”, deyilgan O‘zbekiston TIV saytida.
Shu bilan birga Rasmiy Toshkent tomonlarni o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori ekanligini va holatni barqarorlashtirish hamda vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqirishini ta’kidladi.
“Shu o‘rinda, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiramiz”, deyilgan bayonotda.