O‘zbekiston - Tojikiston chegarasi to‘liq demarkatsiya qilinishi natijasida aniq xaritada ko‘rsatiladi
- 24.01.2019 16:33
- 236
- O‘zbekiston
O‘zbekiston va Tojikiston 27 yanvarga qadar ikki davlat chegarasini to‘liq demarkatsiya qilishni yakunlash niyatida. Bu haqda Tojikiston axborot agentliklari Dushanbe rasmiylariga tayangan holda xabar beradi.
Ayni paytda Toshkentdan kelgan hukumat delegatsiyasi Dushanbeda bu masalada uchrashuv o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘tgan yili davlat chegarasini to‘la delimitatsiya qilib bo‘lgan edi. Ya’ni tomonlar chegara chizig‘i o‘tishi to‘g‘risida yozma ravishda kelishib olgan. Endi esa chegarani demarkatsiya qilish natijasida ikki davlatning aniq chegara chizig‘i xaritalarda ko‘rsatiladi.
2018 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi chog‘ida tojik-o‘zbek davlat chegarasi alohida uchastkalari bo‘yicha Tojikiston - O‘zbekiston bitimi imzolangandi.
O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining uzunligi 1 332 kilometrni tashkil qiladi.