O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z harbiy aerodromlaridan birgalikda foydalanishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z harbiy aerodromlaridan birgalikda foydalanishga kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari Baurjan Tortayevga tayanib mudofaa.uz ma’lum qilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi harbiy aerodromlarda harbiy havo kemalarini qabul qilish, aerodrom-texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘riqlashni tashkillashtirish haqidagi kelishuv harbiy havo kemalarini yoqilg‘i, moy, moylash materiallari, maxsus suyuqliklar va gaz bilan to‘ldirish uchun o‘zaro hisob-kitob mexanizmini belgilaydi.

Vazirliklar o‘rtasida havo hujumiga qarshi mudofaa sohasidagi hamkorlik haqidagi yana bir kelishuv navbatchi kuchlarning tezkor o‘zaro harakatlanishi va havo-koinot vaziyati haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida bo‘lishish, falokatga uchrayotgan havo kemalariga yordam ko‘rsatish, qo‘shinlarni birgalikda tayyorlash, havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlarini rivojlantirish va takomillashtirish sohasida tajriba almashish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

Ikkala hujjat ham 15 aprelda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan. O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari mudofaa va harbiy-texnika hamda koinot tadqiqotlari va ishlanmalari sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki berish istagini bildirishgan.