Mardon Mavlonov har kuni piyoda yurishini aytdi yoki ommaviy yurish nega o‘tkazilayotganidan xabaringiz bormi?

Xabaringiz bor, Samarqandda bugun «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!» shiori ostida viloyat hokimligi tashabbusi bilan ommaviy yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatdagi barcha korxona, tashkilot, muassasa, mahallalardan 25 mingga yaqin aholi ishtirok etdi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida start olgan yurish marafonida samarqandliklar viloyat drama teatridan Registon maydonigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdilar. Registon maydonida marafon ishtirokchilari ko‘tarinki ruhda, musiqa sadolari ostidagi ommaviy jismoniy mashqlar bajarishdi.

Shifokor tavsiya etadi: yurish yoshartiradi

- Muntazam ravishda har kuni piyoda yurish kishini tetiklashtiradi, - deydi Samarqand shahridagi 2-son oilaviy poliklinikasi bo‘lim mudiri Shukrullo Boboyorov. - Hujayralar yosharib, kishi turli asab zo‘riqishlaridan, siqilishlardan xalos bo‘ladi. Har kuni 6 kilometr masofani o‘rtacha tezlikda, bir maromda bosib o‘tish lozim. Ko‘pchilik ishimda tinim yo‘q, shundog‘am ko‘p harakat qilaman, deb o‘ylaydi. Ammo tong sahar, toza havoda, xiyobonda bir maromda yurish sog‘likka foydali.

O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Mardon Mavlonov: Har kuni 5 kilometr piyoda yuraman

- Shuningdek, 10 kilometrcha masofani velosipedda bosib o‘taman. Bizning sohada jismonan tetik ko‘rinish katta ahamiyatga ega. Shuning uchun jismoniy mashqlarni kanda qilmayman. E’tibor bersangiz, ushbu marafonda qatnashayotganlarning barchasi bayramona kayfiyatda. Bu ham sportning, ham toza havo hamda ko‘pchilikning ta’siridir.

Yetti yoshdan oltmish yoshgacha

Harholda marafonda yetmish yoshli kishini uchratmadim. Shuning uchun mashhur iborani boshqacharoq ishlatishimga to‘g‘ri keldi. Ha, ommaviy yurish tadbirida Samarqand shahridagi 42- maktab o‘quvchisi Sevinch Rajabova oyisi bilan “sayohat ”ga chiqqanidan xursandligini bildirsa, 60 yoshida ham Isayev nomidagi parazitologiya ilmiy tadqiqot klinikasida farrosh sifatida ishlayotgan O‘g‘iloy Qosimova tetik ekaniga ko‘p harakat qilishi sababchi ekanini aytdi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti xodimi O‘tkir Kuliyev har kuni besh kilometrcha masofani piyoda bosib o‘taman, desa, SamDU talabasi Islom Qo‘chqorov har kuni uch kilometr yugurishini aytdi.

Ammo ishtirokchilar orasida bu tadbirda nega qatnashayotganidan bexabarlar ham bor edi.

Masofa tavakkal tanlanmagan!

Darvoqe, Registon maydoniga yaqinlashishim bilan telefonimdagi qancha piyoda yurishim lozimligini eslatib turuvchi qurilmadan xabar keldi. «Siz bugun piyoda yurish me’yorini a’lo darajada uddaladingiz!» Ushbu xabar masofa shunchaki belgilanmaganini isbotlab berdi. Qancha masofa yurganim, necha kaloriya sarflaganim ekran yuzida namoyon bo‘ldi.

Registon maydonida ommaviy mashqlar, kayfiyatga monand  konsert dasturi namoyish etildi.

Gulruh Mo‘minova.