O‘zbekistonda 20 ta ko‘ngilli oila Xitoy vaksinasi bilan emlandi
Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi yordamida O‘zbekistonga “Zhifei” kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50 % haqiqiy vaksina, 50 % platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar xamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar (shprits, niqob, ko‘zoynak, krioprobirkalar, homiladorlik testlari) olib kelindi.
Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olindi. Jarayonning etnik jihatlarini e’tiborga olgan holda ko‘ngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishildi.
O‘z navbatida, “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd” kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligidagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari sinov o‘tkaziladigan poliklinikalar vrach va hamshiralari uchun vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazdi.
“Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd” kompaniyasining O‘zbekistonda III faza sinovlaridan o‘tayotgan vaksinasi.
Mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovdan o‘tishi boshlanadigan vaksina koronavirus yuza antigenining genetik-muhandislik oqsili bo‘lib, u adenovirus hamda inaktivlashgan vaksina turlari bilan taqqoslanganda yuqori darajada xavfsiz hisoblanadi. Ya’ni, rekombinant oqsil ko‘rinishidagi vaksina virusning bir bo‘lagini yuqori texnologiyalar asosida sun’iy ko‘paytirib olishga asoslangan. Genetik-muhandislik oqsili zararlangan organizmda aynan unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi.
Ushbu vaksina I va II faza klinik sinovlarda nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga egaligini namoyon etdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 ta ko‘ngilli oila a’zolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi.