O‘zbekistonda ilk innovatsion startap-platforma ochildi
Toshkentning Bektemir tumanida Uzauto Market — O‘zbekistondagi ilk innovatsion startap-platforma ochildi.
Platforma quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
- avtosanoat sohasida o‘qiydigan talabalar, novatorlar, umuman, g‘oya mualliflarini ishlab chiqaruvchi, sarmoyador, tadbirkor, import vakillari bilan birgalikda ishlashini ta’minlash, ularning o‘zaro ta’sir asosidagi hamkorligiga zamin yaratish.
Bu degani yoshlar kompaniya vakillari bilan g‘oyalarini o‘rtoqlashadi, ishlanmalar yaratishda yordam olishadi. UzAuto Components vakillari esa o‘sha g‘oyalarni ishlab chiqarish korxonalari bazasida amalga oshirishda ko‘mak beradi. Startap-platforma tadbirkorlarga ham o‘z biznesi uchun mahsulot olishda qo‘l keladi.
Avtomobilga boshqalardan ajralib turuvchi jihat qo‘shish uchun tyuning atele xizmati mavjud. Masalan, istalgan inson avtomobili bilan borib o‘ziga yoqqan dizaynni tushirib berishni buyurtma qilishi mumkin.
UzAuto Motors yengil avtomobillari, “JV MAN Auto-Uzbekistan”, “SamAuto”, “UzAutoTRAILER” tijoriy yuk tashish texnikasining modellar qatori sotiladi.
Ayni markazning o‘zidagina avtomobil xarid qilganlarga muddatsiz kafolat beriladi.
UzAuto mahsulotlariga har qanday ko‘rinishda kafolat va kafolatdan keyingi xizmatlar taqdim etadigan zamonaviy servis hududi.
Shourumda yengil mashinalar, tijorat texnikasiga ehtiyot qismlarning keng assortimenti qulay narxlarda taqdim etilgan. Chevrolet avtomobillarini yig‘ishda ishlatiladigan asl ehtiyot qismlarni sotib olish mumkin.
Tez orada UzAuto Market saytida ehtiyot qismlar onlayn sotilishni boshlaydi.
Platforma ochilishi marosimida O‘zavtosanoat raisi Shavkat Umrzoqov so‘zga chiqib rasmiyatchilikdan chekinib nega shu maydonchani yaratish g‘oyasiga kelingani haqida ancha gaplarni gapirdi.
— Italiyaga, Yaponiya, Koreyaga borganda yoshlarimiz bilan gaplashganimda ular menga murojaat qilib, «Shu tizimga kerakligimizni bilsak, ya’ni qadrimizni avtosanoat sezsa, albatta birgalikda shu tizimda ishlaymiz», deyishdi. Umuman Turin politexnika universiteti bitiruvchilari, sohada ishlab chet elga chiqib ketganlar bilan suhbatlashdim, ular ham «O‘zbekistonda qayerda ishlashimiz kerak? Biz ishlab chiqargan, o‘ylab topgan narsalar turibdi, lekin ro‘yobga chiqara olmayapmiz», deyishdi.
Ehtiyot qismlar sotuvida shaffoflikni ta’minlash, xaridorlarga sifatli qismlarni yetkazib berishni va’da bergan edik. Sotuvchilar bilan ham shaxsan ko‘rishib gaplashdik, ularda ham muammo shu, ularni hech kim bilmaydi, eshitmaydi. Chet elda bizda "miyalar" bor, bu yerda esa ularning g‘oyalarini sotib oladigan importchi, ishlab chiqaruvchilar bor. Lekin ularni jamlaydigan maydoncha yo‘q edi. Shuning uchun yoshlar bilan maslahat qilib shuni yaratish fikriga keldik.".