O‘zbekistonda ishsizlik darajasi ma’lum qilindi. Samarqandliklarning 9,3 foizi ishsiz

Kecha, 18 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joriy yil o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlari haqidagi hisoboti hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida olib borayotgan ishlari holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi a’zolari, vazirlik va idoralar mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari hamda jurnalistlar qatnashgan yig‘ilishda vazirlik oldida turgan muhim vazifalar keng muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yilning 8 oyi davomida respublika bo‘yicha 173,6 ming ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, amalda 213 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Bu prognozga nisbatan – 122,8 foizni tashkil etadi.

Ayni paytda mamlakatimizda ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etgan holda, bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3 foiz), Andijon (9,3 foiz), Qashqadaryo (9,4 foiz), Jizzax (9,3 foiz), Samarqand (9,3 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz) viloyatlarida respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lib, ushbu hududlarda aholi bandligini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

Parlament a’zolari aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarga ham e’tibor qaratdilar. Joriy yilda mehnat organlari tomonidan 526 mingdan ortiq shaxsga xizmat ko‘rsatilgan. Bu 2018 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ortgan. Lekin deputatlar bandlik organlariga murojaat qiluvchilarning necha foizining xohish va istaklari, qancha aholi murojaatlarining qondirilgani bilan qiziqdilar.

Shuningdek, joriy yilda ilk bor mehnat bozoriga subsidiya va grant berish tartibi joriy etilgan. Hozirgi kunda jami 6,3 milliard so‘m miqdorida ish beruvchilarga, ishsiz fuqarolarga, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga va tomorqa yer egalariga subsidiyalar berilgan. Natijada 6 ming 346 nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlangan. 250 million so‘m ajratilgan grant mablag‘alari evaziga 246 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘qitilgan.

Yig‘ilishda deputatlar vazirlik tomonidan o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga vaktinchalik mehnat guvohnomasini berish va mehnat staji yuritilishini ta’minlash, davlat soliq organlari bilan hamkorlikda yashirin ish o‘rinlarini legallashtirib, rasmiy sektorga o‘tkazish borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktorining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axboroti ham tinglandi.

Deputatlar vazirlik, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan olib borilayotgan ishlarni tanqidiy ko‘rib chiqib, bu borada qamrov va samaradorlikni oshirish borasida tegishli tavsiyalar berdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.