O‘zbekistonda keng ko‘lamli Antikorrupsiya haftaligi o‘tkaziladi
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini yurtimizda keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda noyabr–dekabr oylari davomida Antikorrupsiya haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda agentlik axborot xizmati.
Haftalik doirasida bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mahalliy va xalqaro ekspertlarning fikr va takliflarini o‘rganish, shuningdek, istiqboldagi dolzarb vazifalar va tendensiyalarni muhokama qilishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy anjumanlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralarda OAV va keng jamoatchilik vakillari uchun ochiq eshiklar kuni, yoshlar ishtirokida ijtimoiy so‘rov va aksiyalar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib etishga qaratilgan tanlovlar o‘tkaziladi.