Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida reyting baholash tizimi joriy etiladi

Reyting baholash tizimi 2022 yil 1 fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

Bunda reyting baholash quyidagi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

➖davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;

➖korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

➖davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

➖xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

➖korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.