Pandemiyaga qarshi yo‘naltirilgan pul mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamg‘armasi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvning dastlabki natijalari haqida axborot berildi.
Unga ko‘ra, mas’ullar o‘zaro oldindan til biriktirib, dori vositalari va tibbiyot uskunalarini qimmat narxlarda sotib olib, jamg‘armaning 2,8 milliard so‘m mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha to‘laqonli taftish tayinlangan. Aybdorlarning tegishli javobgarlikka tortilishi, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilishi ta’minlanadi.
Pandemiya munosabati bilan ajratilgan pul mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari bundan avval ham aniqlangan. Jumladan, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va boshqa hududlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan katta miqdordagi pul mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmonning 2-bandi talablari doirasida Agentlik keng qamrovli o‘rganishlar boshlanganligini ma’lum qiladi.
Tahlil natijalari jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi.