Korrupsiyaga qarshi qoniqarsiz kurashayotgan tashkilotlar nomi ma’lum qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, hokimliklarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligi reyting baholashdan o‘tkazilgan.
Baholash natijalariga ko‘ra, 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 12 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 30 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 20 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.
Aytilishicha, tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.
Rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy tashabbusi yetarli emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha e’tibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘lgan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xo‘jaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan.
Baholash natijalariga ko‘ra, «qoniqarli» deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatilgan.
Shu bilan birga, ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha samarali tizim yaratilmagan.
12 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi “yaxshi” deb baholandi. Mazkur tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish bo‘yicha aniq va manzilli choralar ko‘rilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlari shaxsiy namuna sifatida o‘rnak bo‘lgan.
Masalan, Bojxona qo‘mitasida (87 ball) “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, barcha xodimlarning faoliyatini sun’iy intelekt yordamida baholash hamda xavfi yuqori bo‘lgan xodimning shaxsi haqida “axborot portreti”ni onlayn shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasining barcha tarkibiy hududlarida ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yaxshi natija qayd etgan tijorat banklarida esa korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirishning samarali mexanizmi joriy etilgan hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.