O‘zbekistonda koronavirus haqida hujjatli film suratga olinadi

“O‘zbekkino” milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi yordamida COVID-19 haqida film tayyorlashga kirishdi.

Film kinoxronika ko‘rinishida bo‘lib, unda virusning O‘zbekistonda tarqalishi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar aks ettiriladi.

Unda koronavirus bilan kasallanganlar uchun qurilayotgan shifoxonalar haqida lavhalar, hukumat a’zolari, tibbiyot xodimlari, ekspertlar, huquq-tartibot idoralari vakillari hamda tuzalib chiqqan bemorlarning intervyulariga keng o‘rin beriladi.

- Bugun qahramonlarimiz boshidan kechirayotgan og‘ir sinovlar haqida hikoya qilish orqali biz O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi olib borilayotgan shiddatli kurash manzaralarini, davlatimiz tomonidan fuqarolarimiz va iqtisodiyotimizni himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rsatishni maqsad qilganmiz, - deydi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Shuningdek, bu jarayon butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda qanday vujudga kelgani va rivojlanganini, bu mudhish pandemiyaga qarshi qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni  ko‘rsatib beruvchi videmateriallar bazasini ham yaratamiz.

Ana shu baza tufayli kelgusida tadqiqotchilar va ekspetlar COVID-19ga qarshi kurashda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Biz ayni paytda yangi O‘zbekistonning jiddiy sinovlar davridagi tarixini yozish va suratga olishga kirishganmiz.