O‘zbekistonda koronavirus vaksinasining 3 faza klinik sinovlari qanday o‘tkazilmoqda?
“COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksina bilan 3 faza klinik-sinov emlash jarayoni hamda vaksina qabul qilgan ko‘ngilli kishilar salomatligidagi o‘zgarishlar nazorati borasidagi SSV matbuot xizmatining savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov javob berdi.
— “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlanganlar qanday gigiyenik qoidalar, turmush tarziga amal qilishi talab etiladi?
— Emlangan shaxslar birinchi navbatda, qo‘lining vaksina yuborilgan qismini kun davomida yuvmasligi kerak. Shuningdek, bir hafta mobaynida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishi, xususan, spirtli ichimlik va boshqa zararli mahsulotlardan tiyilishi talab etiladi. Mavsumga mos ravishda kiyinib, gripp, yuqori nafas yo‘llari virusli kasalliklaridan saqlanishi lozim.
— Vaksina samarasi qanday nazorat qilinadi?
— Vaksina qabul qilgan kishi 7 kun davomida salomatligidagi o‘zgarishlarni qayd etib borishi zarur. Misol uchun, bir kunda 2 marotaba tana haroratini o‘lchashi, emlangan joyidagi terida qizarish yoki shish paydo bo‘lish-bo‘lmasligini kuzatishi hamda holatini daftarga yozib borishi lozim. Agar boshqa kasalliklar bezovta qilib, dori vositasini iste’mol qilmoqchi bo‘lsa, albatta, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan poliklinika shifokorlari bilan maslahatlashishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda dunyo miqyosida klinik-sinovlardan o‘tkazilayotgan barcha “COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksinalar organizmga ikki marta yuborilishi kerak. Birinchi marotaba yuborilgach, bir oy davomida emlangan kishining salomatligi nazorat qilib turiladi va salbiy ta’sirlar kuzatilmaganda ikkinchi marotaba vaksina bilan emlanadi.
Emlangan kishilar har oyda bir marotaba skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, ular organizmidagi antitanachalar paydo bo‘lishi, uning miqdori, immun tarangligi nazorat qilib turiladi va o‘zgarishlar kuzatib boriladi.