O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 706 bemor qolmoqda, 10 nafarining ahvoli og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlarni ahvoli haqida ma’lum qildi:
➖ Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 2217 bemor ro‘yxatga olingan. Kuni kecha yana 96 fuqaro to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi. Shu tariqa kasallikdan to‘liq sog‘ayganlar soni 1501 nafarga yetdi. Bu umumiy kasallanganlarga nisbatan 68 foizni tashkil qilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotgan 706 bemordan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Mamlakatimizda koronavirus kasalligi qayd etilish darajasi bir muncha pasaydi. Kasallikdan davolanib, reabilitatsiyaga o‘tgan shaxslar soni ham ortib boryapti. Albatta, bu ijobiy ko‘rsatkich.
Kecha Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida toifalarga bo‘lgan holda hududlarda bosqichma-bosqich karantin tadbirlarini yumshatish bo‘yicha alohida topshiriq berdi. Bundan barchamiz mamnunmiz. Har bir hudud qaysi toifaga mansubligini aniqlash uchun chuqur tahlillar olib borish kerak bo‘ladi, albatta.