O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 844 bemordan 11 nafarining ahvoli og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar ahvoli haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 3 ming 718 bemor ro‘yxatga olingan.
Kuni kecha 22 nafar, jami 2 ming 859 nafar, ya’ni 77 foiz bemor to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 844 bemor davolanmoqda, 9 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Karantin tadbirlari davom etyapti. 46 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat jiddiyligicha saqlanib turibdi. Kecha kasallik qayd etilgan 79 fuqaroning 15 nafari aholi orasida aniqlangan. 13 nafari Toshkent shahrida, 1 nafari Sirdaryo va yana 1 nafari Toshkent viloyatida. Afsuski, oxirgi aniqlangan 16 bemorning 2 nafari yana Toshkent shahriga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu bemorlar Yashnobod tumani aholisi orasida aniqlangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ortiqcha zaruratsiz ko‘chaga chiqmang, ko‘chaga chiqdingizmi, albatta, doka niqobda bo‘ling.