O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirildi

21 oktyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy fanlar akademiyasi mikrobiologiya instituti va “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida o‘tkaziladigan klinik sinovlarning barcha bosqichlari muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda O‘zbekiston ushbu vaksinani birinchilardan bo‘lib hamda arzon narxlarda xarid qilishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ta’kidlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari xitoylik hamkorlar bilan emlash jarayonini tashkil etish, jarayonga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.