O‘zbekistonda «Muzeylar kvadrati» tashkil etiladi, shulardan 7 tasi Samarqandda bo‘ladi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyati hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand shahrida «Muzeylar kvadrati» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, “Buyuk ipak yo‘li — O‘zbekiston va Xitoyning oltin merosi” ko‘rgazmasi, “Samarqand — O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari madaniyatlari tutashuvi” ko‘rgazmasi, «Klassitsizm» muzeyi, Tarixiy fotosuratlar muzeyi, Zargarlik san’ati muzeyi, Badiiy ko‘rgazmalar zali, «Samarqand»  davlat muzey-qo‘riqxonasining filiallari sifatida an’anaviy  liboslar muzeylari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, bir-biriga yaqin, piyoda borsa bo‘ladigan masofada yettita muzey ochiladi.

Shuningdek, Qo‘qon shahrida «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi filiali sifatida Zamonaviy san’at muzeyi hamda Urganch shahrida O‘zbekiston  zamonaviy san’at muzeyining filiali sifatida Lazgi muzeyi tashkil etiladi.

Bundan maqsad O‘zbekiston san’atining jahon adabiy va madaniy muhitiga integratsiyasi, xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish va muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy hamda madaniy merosimizni zamonaviy san’at platformasida keng targ‘ib qilishdir.