O‘zbekistonda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat beriladi
Joriy yilning 1 aprelidan FHDYo Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tgach, sohada birmuncha o‘zgarishlarga start berilishi kutilayotgandi.
Kecha hukumat tomonidan FHDYo sohasiga oid yaxshilanish ishlari amalga oshirilishi belgilangan qaror tasdiqlandi. Bu haqda DXA matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qaror bilan bir qator hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi. Masalan, fuqarolik holatlari, jumladan, nikoh yoki tug‘ilganlikni qayd etish endilikda gerbli guvohnomalar taqdim etilgandagina emas, balki FHDYo arxivi ma’lumotnomalari asosida ham amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa fuqarolarning naqdi va vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Bola tug‘ilganda beriladigan suyunchi puli, dafn marosimi uchun bir martalik nafaqa pullarini olish uchun ma’lumotlar endi qo‘lma-qo‘l fuqarolarga berilmasdan, Pensiya jamg‘armasiga maxsus elektron tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi.
Shuningdek, nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat etiladi. Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova bo‘lsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova bo‘lishi mumkin.
«FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri va aktualligi doimiy ravishda tekshirib boriladi. Buning uchun FHDYo organlari xodimlari arxivdagi mavjud hujjatlarni elektron tizimga kiritilgan ma’lumotlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi.