O‘zbekistonda yana karantin qoidalari kuchaytirilishi mumkinmi?
Bugun, 11 noyabr kuni AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda karantin qoidalari yana kuchaytirilishi mumkinmi, degan savolga javob qaytarildi.
➖ Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko‘chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko‘proq yuzma-yuz bo‘lishadi. Koronavirus infeksiyasi esa o‘ta kontagiozligi bilan xavfli. U juda tez tarqaladi va agressiv. Dunyo bo‘ylab kundan kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda.
Dunyo tajribasida ko‘rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusning oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda. Bundan keyin xar bir inson pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishi, unga moslashishi kerak.
Agar biz barcha sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilsak, ya’ni qo‘lni sovun bilan tez-tez yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirsak, tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalansak va ijtimoiy masofani saqlasak karantin qoidalarini kuchaytirishga hojat qolmaydi.