O‘zbekistonga AQSh va Germaniya kompaniyasi ishlab chiqargan vaksinalardan 100 ming dona keltiriladi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Unda aytilishicha, O‘zbekiston COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi)ga a’zo davlatlar qatoriga kiritilgan.

O‘zbekiston “COVID-19”ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun mamlakat aholisining 20 foizi miqdorida buyurtma tayyorlab, "COVAX" fondiga yuborgan.

Hozirda Amerikaning "Pfizer" va Germaniyaning "BioNTech" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi "Comirnaty" vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

"Pfizer" va "Biotech" vaksinasini yuqori sovuqlik zanjiriga jiddiy rioya etgan holda -70 ℃ haroratda saqlash talab etiladi.

«Yurtimizda -70 ℃ haroratni saqlaydigan muzlatgichlar mavjud», - deydi B.Yusupaliyev.

Emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida "GAVI" tashkiloti tomonidan 17 ta katta hajmdagi refrijeratorlar va 206 ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositalari taqdim etilib, yurtimizning har bir hududi va tumaniga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.