“O‘zimiz keldik" aksiyasi tufayli 50 kishi muammosini mahallasida turib hal etdi

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Past Darg‘om tumanining Charxin mahallasida “O‘zimiz keldik” aksiyasi tashkil etildi.

Aksiya doirasida dastlab fuqarolarga joriy yilning 1 iyunidan boshlab davlat idoralari tomonidan aholidan talab qilish bekor qilinayotgan hujjat va ma’lumotnomalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

So‘ngra aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, aksiya davomida mahalla aholisidan 50 dan ortiq murojaat bo‘ldi. Ularning aksariyat qismini kadastr pasportini shakllantirish, ko‘chmas mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bolalarni bog‘chaga joylashtirish, tug‘ilganlik guvohnomalarini rasmiylashtirish, qonuniy nikohdan o‘tish kabi masalalar tashkil qildi.

Jumladan, Z.Shukurov kadastr pasportini shakllantirish masalasida murojaat qildi. Ushbu fuqaroning arizasi ro‘yxatga olindi va tez kunda hal etilishi belgilandi. Shuningdek, M.Xidirova farzandining tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirishda muammolar kelib chiqayotganini ma’lum qildi. Past Darg‘om tuman 1-son FHDYo bo‘limi tomonidan bu murojaat joyida ko‘rib chiqilib, hal etildi.

— Uzog‘imizni yaqin qilib, mahallamizga o‘zlari kelib xizmat ko‘rsatayotganidan mamnunmiz, — deydi shu mahallada yashovchi S.Do‘sanova. — Ochig‘i, tuman markaziga borish uchun hech bo‘lmaganda 20-30 ming so‘m sarf qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bu kabi sayyor xizmatlar natijasida ham vaqtimiz, ham naqdimiz tejalyapti. Muhimi, o‘zimiz xohlagan davlat xizmatlarini ko‘chamizdan nari chiqmagan holda oldik.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.