O‘zini elektr ustunidan tashlamoqchi bo‘lgan nochor ayolga yordam ko‘rsatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkentdagi yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘i ustunidan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan ayol haqidagi videoga rasmiy munosabat bildirildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati qayd etishicha, videoda aks etgan voqea 6 avgust kuni Olmazor tumanidagi Kichik halqa yo‘li ko‘chasida yuz bergan. Ayol yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘i ustuniga chiqib olgan va atrofdagilarga o‘zini tepadan tashlab, o‘z joniga qasd qilmoqchiligini aytgan. Buni tumanda xizmat olib borgan profilaktika inspektorlari va patrul-post xizmati avtoekipaji xodimlari ko‘rib qolgan. IIBB xodimlari ayolning yoniga chiqib, uni pastga tushirgan va ayol Olmazor tumani IIO FMB 6-son IIBga yetkazilgan.

Aniqlanishicha, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayol Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan 36 yoshli D.U. bo‘lib, poytaxtning Olmazor tumanida vaqtinchalik yashab kelgan. O‘z xatti-harakatining sababi so‘ralganda ayol ishsiz qolib, nochor ahvolda ekanligini ma’lum qilgan.

Olmazor tumani shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2-sektor boshlig‘i ayolni tinglab, unga yarimfabrikat mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonaga ishga joylashishda yordam bergan. Shuningdek, ayolga 2 million so‘m miqdorida moddiy yordam berilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda ayol bilan psixolog ish olib bormoqda.

Xabarda, shuningdek, ishsiz qolgan ishga joylashish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan bo‘lsa, vakolatli idoralarga murojaat qilish so‘ralgan.