O‘zLiDeP fraksiyasi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqdi
Bu haqda bugun Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan fraksiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar ularni amalga oshirishga zarur huquqiy asosni ta’minlovchi Konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga ko‘ymoqda.
Shu sababli deputatlar Bosh qomusimiz — Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqdi.
Bu borada fraksiya a’zolari Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni bugungi real voqelikka moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun yanada mustahqam huquqiy poydevor yaratish bo‘yicha o‘zlarining aniq pozitsiyalarini bildirdi.
O‘zLiDeP fraksiyasi ushbu tashabbusni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi bilan birga ilgari surmoqchi.