Padarkush yoxud suv yashirmagan jinoyat
Oilada ota-onaning ham, farzandlarning ham o‘z mas’uliyati va majburiyatlari bor. Ota-ona farzandini yaxshi tarbiyalab, jamiyatga nafi tegadigan insonlar safiga qo‘shsa, farzandlar ular ishonchini oqlab, elga xizmat qilishi lozim.
Ammo farzand tarbiyasini unutib, ichkilikka berilgan ota ularga qanday namuna bo‘ladi. Yaxshi tarbiya ko‘rmagan, otaga tik boqib, uni behurmat qiluvchi farzandlar-chi?
Bashir aka (ismlar o‘zgartirilgan) spirtli ichimlikka ruju qo‘yib, uyda arzimas sabablar bilan janjal chiqarar, xotini va farzandlarini sababsiz haqoratlardi. Mardikorlik qilib ishlab topgan pulini ham og‘ir sharoitda yashayotgan oilasining ehtiyojiga emas, aroqqa sarflab yuborardi. Farzandlari esa otasining qilmishlaridan mahalla-ko‘yda noqulay holatga tushar, ayniqsa, kenja o‘g‘il Jamol bu holatdan alamzada bo‘lib yurardi.
2018 yil 23 avgust kuni kechqurun Bashir aka odatdagidek mast holda o‘g‘li ijaraga olib ishlatadigan tamaddixonaga kirib keldi. Buni ko‘rgan Jamol otasining yana janjal qilishini o‘ylab, kayfiyati buzildi. Ammo shu tobda uning xayoliga chaqmoqdek bir fikr keldi-yu butun vujudini qamrab oldi va qabix bir reja tuza boshladi.
U otasining mast ekani ishni osonlashtirishi, shu qulay paytdan foydalanib qolishni o‘yladi. Ammo ishning yanada silliq bitishi uchun ichkilik ta’sirida o‘tirgan otasiga biroz yegulik va spirtli ichimlik keltirib berdi. Uni butunlay xushidan ayirish uchun aroqdan bo‘shagan idishni qayta-qayta to‘ldirdi. O‘g‘lining "mehribonligi"dan bahramand bo‘lgan ota butunlay o‘zini idora qilolmaydigan ahvolga keldi.
Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng Jamol o‘zi kutgan payt bo‘lganiga ishonch hosil qilib, o‘ylagan rejasini amalga oshirishga kirishdi.
U ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ymas, yon-atrofdagilarga sezdirmas, barchasini shoshmasdan amalga oshirardi. Ichkaridan mato bo‘lagi va arqon oldi. So‘ng otasining oldiga kelib, "Sizni uyga olib borib qo‘yaman", deb yelkasida ko‘tarib qishloq tomon yo‘lga tushdi...
Qachonlardir yelkasida ko‘tarib o‘ynatgan, erka o‘g‘ilning harxashalaridan nolimagan, chuchuk tilda berayotgan savollariga javob qaytargan ota endi o‘g‘lining yelkasida edi. Ammo otasini yelkasida ko‘tarib ketayotgan o‘g‘il …
QOTIL O‘G‘IL
Qishloqdan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanali bo‘yiga yetib kelganda ham Bashir aka sarxush edi. Ammo atrofga biroz nazar tashlab "Bu yerga nega keldik?", deya o‘g‘lidan so‘radi. Jamol biroz taraddudlanib qolsa-da, darrov o‘zini o‘nglab cho‘milish uchun dedi sovuq ohangda...
Ha, albatta, qishloqning chetidan oqib o‘tuvchi bu anhorga cho‘milishga Bashir aka o‘g‘illari bilan avval ham ko‘p kelgan. Esida bir marta kenja o‘g‘li Jamol otasining ehtiyot bo‘linglar, suv tez oqadigan joyda cho‘milmanglar deyishiga qaramay, chuqur joyga borib qolgan va otasidan yordam so‘rab, baqira boshlagandi. Shunda Bashir aka o‘zini suvga otib, o‘g‘lini yelkasida olib chiqqandi. Suv yutib qolgani uchun nafasi qaytib, biroz xushsiz yotganida Bashir akaning ko‘ziga dunyo qorong‘u ko‘ringan, o‘g‘li xushiga kelguncha boshidan ne o‘y-xayollar o‘tgandi.
Toza havoda o‘ziga kela boshlagan Bashir aka o‘tgan voqealarni birma-bir eslarkan kech bo‘lsa-da, yozning issiq havosida miriqib cho‘milishni o‘ylab, beixtiyor yosh boladek zavqlandi. Ko‘kka tikilib yotgancha yozning tiniq osmonida yulduzlarni tomosha qilar, negadir to‘yib-to‘yib nafas olgisi kelardi...
...Ammo bexosdan hozirgina chaqnab turgan yulduzlar undan uzoqlasha boshladi. Zum o‘tmay ular butunlay ko‘rinmay qoldi. Bashir akaning ko‘zlari tina boshladi. Nafasi qaytib, butun vujudi bilan tipirchilar ammo qancha harakat qilmasin o‘zini o‘nglay olmas, jon holatda baqirar biroq ovozini o‘zi ham eshitmasdi...
Ko‘zi qonga to‘lgan Jamol shu tobda faqat bir narsani – oilada janjallarga sabab bo‘layotgan otasidan butunlay qutulishni o‘ylardi. Tamaddixonadan o‘zi bilan olib chiqqan mato bo‘lagi va arqon bilan Bashir akani bo‘g‘ib, otasi jon taslim qilganiga ishonch hosil qilguncha qo‘yib yubormadi...
...So‘ng qilgan ishining izini yo‘qotish uchun jasadni suvga oqizib yubordi.
"IChKILIKKA BERILGAN BO‘LSA HAM BARIBIR OTANG"
Jamol "ish"ni bitirgach, tamaddixonaga qaytib, onasi va opalarining oldiga kirdi. Qizlar otasini so‘raganida uyga olib borib qo‘yganini aytdi. Ammo yo‘l bo‘yi uni qiynayotgan savol tinchlik bermas, qilgan ishining to‘g‘riligiga, o‘zining haqligiga bahona qidirardi. Biroq bunday javob uning o‘zida yo‘q edi. Ehtimol, onasi uni xotirjam qiluvchi, oqlovchi yupanch aytar.
– Otamning borligi yaxshimi yoki bo‘lmagani, – deya so‘radi u onasining ko‘zlariga qaramaslikka urinib va uning javobini hukm kutgandek kutdi. Ona esa xotirjam javob berdi: ichkilikka berilgan bo‘lsa ham baribir otang-da.
U otasining janjallaridan bezor bo‘lib yurgan onasidan bu javobni eshitarkan mudhish xatoga yo‘l qo‘yganini tushundi. Ammo endi kech edi.
Tamaddixonani yopib, uyga borishganida Bashir akaning uyda emasligini ko‘rib, onasi va opalari Jamolga savol nigohini tikdi. Jamol buni ham o‘ylab qo‘ygan edi.
– Otamni davolatish uchun shifoxonaga yotqizdim, – dedi u o‘zini otasiga javobgardek tutib, boshqa savolga o‘rin qoldirmaslik uchun – shifoxona manzilini aytmayman. Aks holda otamni u yerdan olib kelib qo‘yasizlar.
Onasi va opa-singillari kenja o‘g‘ilning mehribonligidan xursand bo‘lib, xotirjam bo‘ldi.
YoLG‘ONNING UMRI QISQA
2018 yil 26 avgust kuni Darg‘om kanalidan topilgan murda marhum Bashir aka ekanini ichki ishlar xodimlari xabar qilganida Jamolning qilmishi fosh bo‘ldi.
Jinoyat jazosiz qolmaydi. Jamol ham qilmishiga yarasha jazo olib, muddatni o‘tab qaytar. Ammo otasining qotili – padarkush degan tavqi la’natni hech narsa bilan yuvib bo‘lmasligiga tarix guvoh.
O‘.MAMADALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari.