Pandemiya davrida maktablarga qo‘yiladigan sanitariya talablari belgilandi
“O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari va o‘rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi va hisobga olindi.
Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha umumta’lim maktablari va maxsus maktab internatlarining xavfsiz ish muhitini ta’minlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.
Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
➖ mashg‘ulotlarni soat 8:00 dan so‘ng boshlash va 17:30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi. Mashg‘ulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
➖ pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yig‘ilishlar, konsertlar, tug‘ilgan kunlar va shu kabilar) o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi;
➖ barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
➖ maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/mas’ul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” bo‘yicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishli jurnal yuritiladi;
➖ “ertalabki filtrlash” jarayonidan so‘ng o‘quvchilar kirish joylarida o‘rnatilgan maxsus dispenserdan antiseptik vosita yordamida qo‘llarini zararsizlantiradilar;
➖ niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida har 8 soatda o‘zgartirilishi lozim;
➖ sinflarda har bir o‘quvchiga 2 metr kvadratdan kam bo‘lmagan maydon bo‘lishi talab etiladi;
➖ pandemiya paytida maktab oshxonalari o‘z ishini amaldagi sanitariya me’yorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
➖ yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan o‘quvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyasiya qilinishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pandemiya davrida bog‘chalarga qo‘yiladigan sanitariya talablari Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, hisobga olingan edi.